Avvalroq prezident “Soliqlarning yig‘iluvchanlik darajasini oshirish va faol soliq to‘lovchilarni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzolagani haqida xabar berilgandi.

Hujjatga ko‘ra, 2026-yildan boshlab Namangan viloyatida yangi soliq boshqaruvi modelini joriy etish bo‘yicha eksperiment o‘tkaziladi.

Jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha qarzdorlik umumiy summasi 1 mln so‘mdan oshgan holatlar aniqlanadi. Bunday qarzdorlikni undirishda elektr energiyasining billing tizimi mexanizmidan foydalaniladi.

Soliq organlari faoliyatini baholashda inson omili taʼsirisiz avtomatik shakllanadigan eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari joriy etiladi.

Soliq qo‘mitasi 2026-yil 1-oktabrgacha eksperiment natijalari asosida uni boshqa hududlarda joriy etish bo‘yicha takliflarni hukumatga kiritadi.

Noyabr oyidan boshlab Toshkentda Hududiy elektr tarmoqlari chiqindi tashish bo‘yicha to‘lanmagan qarzi bor abonentlar uchun elektr energiyasiga to‘lovni qabul qilishni cheklay boshlagandi. Yangi tartib dekabrdan butun O‘zbekiston bo‘ylab amal qilishi belgilangandi.

Qarzdorlar to‘g‘risidagi maʼlumotlar har oyning 3-sanasiga qadar Toza Makon billing tizimidan HET Billing tizimiga ogohlantirishlar yuborish uchun uzatiladi. Agar abonent ogohlantirish olganidan keyin 5 kun ichida qarzni to‘lamasa, cheklovlar joriy etiladi.


Spot, avvalroq, yillik aylanmasi 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan YTTlar uchun soliq hisoboti yengillashtirilgani haqida yozgandi.