Milliy tiklanish partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokama qilindi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur qonun loyihasi o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga nisbatan huquqlarni e‘tirof etish ishlarini tezlashtirishga qaratilgan.
Hujjatga ko‘ra, vakolatli tashkilotlar va adliya organlari hujjatlarni ko‘rib chiqish hamda e‘lon qilish muddatlari qisqartiriladi. Ortiqcha egallangan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini e‘tirof etishda bozor qiymati o‘rniga qat‘iy belgilangan bir martalik to‘lov undiriladi.
Bir martalik to‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilsa, avtomatik tarzda 50% chegirma qo‘llanadi.
To‘lov belgilangan muddatda amalga oshirilmasa, tuman soliq inspeksiyasi bilan tuziladigan shartnoma asosida uni 1 yildan 3 yilgacha bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi.
Fraksiya rahbari Alisher Qodirov so‘nggi paytlarda o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga egalik huquqini berish bilan bog‘liq ko‘plab muammolar paydo bo‘lganini aytdi.
Deputatlar loyiha o‘zboshimchalik bilan egallangan yerlar va ulardagi qurilmalar huquqini e‘tirof etishni tezlashtirish hamda qonun ijrosini bir xilda ta‘minlashga xizmat qilishi sababli uni qo‘llab-quvvatladi.
Partiya Telegram-kanalida qayd etilishicha, o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalariga egalik huquqini berish bo‘yicha qabul qilingan qonun ijrosi yuzasidan bir qator muammolar yuzaga kelmoqda.
25-avgust holatiga 5336 dan ortiq ko‘chmas mulk obyekti hujjati rasmiylashtirilgan. Biroq 4 mlndan ortiq mulkka egalik huquqi berilmagan.
2024-yilning 8-noyabridan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risidagi qonun kuchga kirdi. Hujjat bilan Kadastr agentligi tomonidan 2024−2025 yillar uchun reja-jadval ishlab chiqildi.
2025-yilning aprelida O‘zbekistonda ilk bor o‘zboshimcha egallangan yer va uy-joylarga bo‘lgan huquq e’tirof etilgandi. Oktabr oyida esa qishloq xo‘jaligi yerlariga ijara huquqini garovga qo‘yish tartibi belgilandi.
Avvalroq Toshkent bosh rejasiga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha hukumat qarori tayyorlanayotgani haqida xabar berilgandi.
