Yaponiya hukumati xususiy sektor bilan birgalikda umumiy qiymati qariyb 3 trln iyena (taxminan $19 mlrd) bo‘lgan milliy sun’iy intellekt tizimini ishlab chiqish bo‘yicha keng ko‘lamli loyihani ishga tushiradi.

Kelgusi yilning bahorida SoftBank va yana o‘ndan ortiq yapon kompaniyalari mamlakatdagi eng yirik sun’iy intellektning asosiy modelini ishlab chiqish uchun yangi korxona yaratishi kutilmoqda.

Loyiha Yaponiyaning hozirda sun’iy intellekt sohasida o‘zidan ancha oldinda bo‘lgan AQSH va Xitoydan ortda qolishini kamaytirishga qaratilgan.

Yangi kompaniya SoftBank boshchiligida tashkil etiladi va tanlov doirasida tanlab olingan kompaniyalarning 100 ga yaqin mutaxassislarini, jumladan SoftBank muhandislari va Preferred Networks dasturchilarini birlashtiradi.

Ishlab chiqilayotgan model AQSH va Xitoyning yetakchi jahon ishlanmalari bilan taqqoslanadigan bir trillion parametr darajasiga yetishi kerak.

Uni yapon kompaniyalari uchun ochish rejalashtirilmoqda, shunda ular uni o‘z ehtiyojlariga — sanoatdan tortib robototexnikagacha moslashtira oladilar.

Xususan, hukumat 2026 moliya yilidan boshlab besh yil ichida qariyb 1 trln iyena (taxminan $6,3 mlrd) sarmoya kiritmoqchi.

Shu bilan birga, 2026-yilgi budjet loyihasiga 300 mlrd iyenadan ($1,9 mlrddan ortiq) ortiq tegishli xarajatlarni kiritish ko‘zda tutilgan.

SoftBank, o‘z navbatida, sun’iy intellektni ishlab chiqish va taqdim etish uchun ishlatiladigan ma’lumotlar markazlarini qurish va ishlatish uchun olti yil ichida qariyb 2 trln iyena (taxminan $12,7 mlrd) sarmoya kiritmoqchi.

Bank milliy sun’iy intellektning rivojlanishi yangi mahsulotlar va xizmatlarning paydo bo‘lishiga turtki bo‘ladi va keng ko‘lamli investitsiyalarni qoplashga imkon beradigan sezilarli ichki talabni shakllantiradi, deb hisoblaydi.


Avvalroq Time jurnali sun’iy intellekt yaratuvchilarini yil odami deb topgani haqida xabar berilgandi.

Ular orasida Mark Sukerberg, Ilon Mask, Sem Altman hamda boshqa sun’iy intellekt sohasidagi yetakchi kompaniyalar rahbarlari bor.