2026-yil 1-fevraldan Afrosiyob elektropoyezdlari chipta narxlari 15%ga oshiriladi. Bu haqda O‘zbekiston temir yo‘llari matbuot xizmati xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, elektropoyezdlarga texnik xizmat ko‘rsatish va ehtiyot qismlar xarajatlari, shuningdek elektr energiyasi hamda ekspluatatsiya xarajatlari oshgan.

Shu bilan birga, narx o‘zgarishida harakat xavfsizligini to‘liq taʼminlash, xalqaro standartlar darajasida xizmat ko‘rsatish, infratuzilmani saqlash va modernizatsiya qilish orqali yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish maqsad qilingan.

1-fevraldan chipta narxlari quyidagicha bo‘ladi:

Yo‘nalish
Narxlar (so‘mda)
VIP
Biznes
Ekonom
Toshkent-Samarqand
709 ming
455 ming
311 ming
Toshkent-Qarshi
976 ming
642 ming
429 ming
Toshkent-Buxoro
1,13 mln
760 ming
509 ming

Bunda “Afrosiyob” elektropoyezdlarining VIP toifadagi chipta narxlari 15% ga, Biznes toifadagi 1% dan ortiqqa hamda ekonom toifadagi chipta narxlari esa 5% dan ortiqqa qimmatlamoqda.

Shu bilan birga, “Sharq”, “Nasaf” va “O‘zbekiston” yo‘lovchi poyezdlari chipta narxlari 15% ga oshirildi.

Kompaniya tomonidan “Afrosiyob” tezyurar poyezdlarining chiptalari narxi bir necha bor oshirilgan. Birinchi marta narxlar 2023-yilning noyabr oyida 60%ga ko‘tarilgan, keyin esa ikki marta — yanvar va may oylarida oshirilgandi. Shu bilan birga, 2024-yilning 1-iyulidan tez yurar yo‘lovchi poyezdlarda ham narxlar oshirildi.

“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” chipta narxlari oshishi sabablarini tushuntirib, 2018-yildan beri tariflar o‘zgarmagan bo‘lsa-da, poyezdlarga texnik xizmat ko‘rsatish xarajatlari sezilarli darajada oshganini qayd etdi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Xikmatulla Raxmetov narxlar xizmat ko‘rsatish sinfiga mos kelmasligini bildirgandi. Kompaniya boshqaruvi raisi Zufar Narzullayev esa “Afrosiyob” elektropoyezdlari biron yil daromad bilan ishlamaganini, faqat zarar bilan ishlaganini ta’kidladi. 2023-yilda kompaniya 238 mlrd so‘m zarar ko‘rgan.

2025-yil 1-fevraldan “Afrosiyob” elektropoyezdlari chipta narxi 20−25%ga, “Sharq”, “Nasaf” va “O‘zbekiston” tez yurar poyezdlariniki 30%ga qimmatlashgandi.

Avvalroq O‘zbekistonda tezyurar poyezdlardagi yo‘lovchilar oqimi 2030-yilga kelib ikki barobarga oshishi haqida xabar berilgandi.