Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (IATA) AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi tufayli aviakerosin taqchilligi tufayli Yevropada may oyi oxiridan boshlab birinchi reyslar bekor qilinishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Xalqaro energetika agentligining (XEA) aviayoqilg‘i yetkazib berishdagi ehtimoliy uzilishlar haqidagi bahosi “jiddiy xavotir uyg‘otmoqda”, dedi IATA.

Assotsiatsiya rahbari Uilli Uolsh Osiyodagi vaziyatga e’tibor qaratdi. U yerda kerosin tanqisligi sababli aviareyslar bekor qilinmoqda. Osiyo Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan yetkazib beriladigan aviayoqilg‘iga Yevropaga qaraganda ancha qaramdir.

Germaniya aviatsiya sanoati federal uyushmasi (BDL) “teran o‘ylangan, Yevropa Ittifoqi darajasida muvofiqlashtirilgan zudlik bilan choralar ko‘rishni” talab qildi.

Uyushma bahosiga ko‘ra, “birinchi bosqichda” kerosin tanqisligi uncha band bo‘lmagan qisqa yo‘nalishlarning vaqtincha to‘xtatilishiga va yoqilg‘i sarfi yuqori bo‘lgan eski samolyotlarning tezroq foydalanishdan chiqarilishiga olib keladi.

BDL havo qatnovining cheklanishi Germaniya va Yevropa iqtisodiyotiga “jiddiy zarar” yetkazishini ta’kidladi. “Yozgi sayyohlik mavsumiga ham oz qoldi, sayyohlik va biznes sayohatlarining avj pallasida turizm ekotizimi havo qatnoviga bog‘liq bo‘lib qoladi”, — deya qayd etdi BDL.

Germaniya iqtisodiyot vaziri Katerina Rayxe 16-aprel kuni Germaniyada “kerosin taqchilligi yo‘q"ligiga ishontirgan edi: uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat yoqilg‘ini o‘zining neftni qayta ishlash zavodlarida ishlab chiqaradi va faqat importga bog‘liq emas. Shuningdek, u davlatning aviayoqilg‘i zaxiralarini ishga solish ehtimolini ham tilga oldi.

“Fuels und Energie” sanoat ittifoqi hozirda Germaniyani benzin, dizel yoqilg‘isi, mazut va aviayoqilg‘i bilan ta’minlashda uzilishlar kuzatilmayotganini ma’lum qildi.

Shu bilan birga, ittifoq xom neft va neft mahsulotlari bilan ta’minlash “Yaqin Sharq inqirozi sharoitida soha uchun doimiy muammo bo‘lib qolayotgani” va uzluksiz monitoringni talab etishini tan oldi.

Aeroportlar va aviakompaniyalar manfaatlarini ifodalovchi BDL esa vaziyatni ancha jiddiy baholamoqda. U neft sanoati va yoqilg‘i omborlari operatorlaridan mavjud kerosin hajmlari to‘g‘risida “shoshilinch” ravishda xabar berishni, GFR hukumatidan esa zaxira qoldiqlari haqidagi ma’lumotlarni “zudlik bilan” so‘rab olishni talab qildi.


Avvalroq Spot Yevropa aviakompaniyalari Yaqin Sharq mojarosi sabab Yevroittifoqdan soliqlarni bekor qilishni so‘ragani haqida yozgandi.

Aviakompaniyalar bir necha haftadan so‘ng aviatsiya bozori yoqilg‘i tanqisligiga duch kelishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.