O‘zbekneftgaz va Xitoyning CNPC XIBU Drilling Engineering Company Limited kompaniyasi o‘rtasida 2026−2028-yillarda Ustyurt mintaqasi hududida 30 ta qidiruv-razvedka quduqlarini burg‘ilash bo‘yicha shartnoma imzolandi, deya xabar berdi davlat kompaniyasi matbuot xizmati.

Mazkur bitim quduqlarning samaradorligini oshirish, qazib olish jarayonlariga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, texnologik yechimlarni xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikda o‘rganib, ularni bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etadi.

Shuningdek, geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, yangi istiqbolli maydonlarni aniqlash va ularni o‘zlashtirishga qaratilgan ustuvor vazifalarni bajarish doirasida amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasida Ustyurt mintaqasining yangi aniqlangan istiqbolli maydonlarida anomal yuqori bosim va haroratli qatlamlarda uglevodorod zaxiralarini aniqlash maqsadida 5500−6000 metr chuqurlikda quduqlar burg‘ilash rejalashtirilgan.

O‘zbekneftgaz kompaniyasi Xitoy kompaniyasi bilan hamkorlik geologiya-qidiruv ishlarini yangi bosqichga olib chiqish va resurs bazasini mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.

Joriy yilning mart oyida O‘zbekneftgaz Xitoy Milliy neft-gaz korporatsiyasi (CNPC) tarkibiga kiruvchi Xibu kompaniyasi bilan O‘zbekistonda yangi quduqlar burg‘ilash bo‘yicha bitim imzoladi. Birinchi bosqich 2026−2027-yillar davomida 30 ta quduq burg‘ilashni o‘z ichiga oladi.

Yaqinda Britaniyaning BP kompaniyasi O‘zbekneftgaz bilan mahsulot taqsimoti to‘g‘risidagi bitim doirasida Ozarbayjonning SOCAR kompaniyasi bilan birgalikda amalga oshirilayotgan Ustyurt mintaqasidagi neft-gaz loyihasida ishtirok etishi ma’lum bo‘ldi.


Avvalroq Spot O‘zbekneftgaz yangi konlarni o‘zlashtirishni boshlagani va ularni kengaytirishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.