OpenAI kompaniyasi Apple’ni ChatGPT’ni yetarlicha chuqur integratsiya qilmaganlikda va sun’iy intellekt botini sust targ‘ib qilganlikda ayblab, sudga bermoqchi. Bu haqda Bloomberg nashrI xabar berdi.
2024-yilda kompaniyalar hamkorlik shartnomasini imzolagan bo‘lib, uning doirasida ChatGPT iOS, iPadOS va macOS’dagi Siri hamda Image Playground’ga integratsiya qilingan edi.
Biroq OpenAI kompaniyasi bundan ham chuqurroq integratsiyani va Siri’da ko‘zga ko‘rinarliroq o‘rinni kutgan.
Shuningdek, OpenAI rahbarlari Apple integratsiyani yetarlicha faol reklama qilmadi, deb hisoblaydi. Dastlab ushbu kelishuv obunalardan yiliga milliardlab dollar daromad keltirishi mumkinligini taxmin qilgan, ammo bu “hatto yaqin ham bo‘lmadi”.
“Mohiyatan, ular: OpenAI bizga ishonishi kerak deyishdi”, — dedi Bloomberg’ga OpenAI’ning nomi oshkor etilmagan vakili.
U bitimni “muvaffaqiyatsiz” deb atadi. “Mahsulot nuqtai nazaridan biz qo‘limizdan kelgan barcha ishni qildik. Ular esa yo‘q, bundan ham yomoni — umuman harakat ham qilishmadi”, — dedi kompaniya vakili.
Ta’kidlanishcha, OpenAI’ning kelishuv shartlarini qayta ko‘rib chiqishga urinishlari hech qanday natija bermadi.
Kompaniya turli chora-tadbirlarni, jumladan, Apple’ga to‘laqonli da’vo arizasi kiritmasdan, shartnoma shartlari buzilgani haqida e’tiroz xatini yuborishni ko‘rib chiqmoqda. Shunga qaramay, kompaniya masalani sudgacha hal qilishga umid qilmoqda.
Avvalroq Spot Germaniyada erkak ChatGPT yordamida sudda g‘alaba qozongani haqida yozgandi.
Leypsiglik David Xins ishni bir hafta erta boshlagani uchun 242 yevro ortiqcha nafaqa olib, firibgarlikda ayblangani uchun sudda chat-botdan advokat sifatida foydalangan.