Germaniyalik erkak advokat o‘rniga ChatGPT’dan foydalanib, sud ishini yutib chiqdi, deb yozadi Deutsche Welle.

Qayd etilishicha, bu — Germaniyada qayd etilgan birinchi holat. Leypsigda istiqomat qiluvchi David Xins nafaqa olib, ish qidirayotgan edi. Bo‘sh ish o‘rni topilishi bilan u rejadan bir hafta oldin ishga kirishgan, nafaqa esa yana 7 kun davomida to‘langan.

Buni payqagan erkak zudlik bilan tegishli idoralarga murojaat qilgan. Unga nafaqa sifatida ortiqcha to‘langan 242,34 yevro sababli Federal bandlik agentligi Xinsni firibgarlikda aybladi.

Biroq Xins o‘z huquqlarini aniqlashtirish uchun ChatGPT’ga murojaat qilishga qaror qildi. Xins ishi bo‘yicha sud eshituvi 2025-yilning mart oyiga belgilangan edi.

Sun’iy intellekt yordamida u 18 sahifali da’vo arizasini tuzishga muvaffaq bo‘ldi. 2025-yil oktabr oyida ariza qanoatlantirildi. Chat-bot maslahatlarida ba’zi noaniqliklar bo‘lishiga qaramay, ish javobgar uchun muvaffaqiyatli yakunlandi va eng muhimi, bunday “advokat” unga bir tiyinga ham tushmadi.

Xinsning ta’kidlashicha, gap pulda emas, adolatda bo‘lgan: sudlanganlik uning ish topishiga xalaqit berishi mumkin edi, bu esa shusiz ham oson kechmayotgandi.


Avvalroq ChatGPT ko‘plab kasb egalarining o‘rnini egallashga tayyorlanayotgani haqida xabar berilgandi.

Hozirda 4000 ga yaqin frilanser tizimga chorvachilik, qishloq xo‘jaligi, musiqa bastalash va hatto tijorat aviatsiyasi kabi tor ixtisoslik sohalarida yanada chuqurlashishga yordam bermoqda.