Centrum Air 16-may kuni amalga oshirilishi kerak bo‘lgan Toshkent-Guanchjou-Toshkent yo‘nalishidagi reyslar nega kechikkaniga izoh berdi.

Aviakompaniya ma‘lum qilishicha, oldingi reysni bajarish vaqtida samolyotni chaqmoq urgan.

Shundan so‘ng havo kemasi aviatsiya xavfsizligi talablariga muvofiq texnik ko‘rik, diagnostika va tiklash ishlari uchun parvozlardan chetlashtirilgan.

Tekshiruv yakunlariga ko‘ra, aviakompaniya mazkur yo‘nalishda samolyotni almashtirishga qaror qilgan.

Centrum Air ma‘lumotiga ko‘ra, kutish vaqtida barcha yo‘lovchilar mehmonxonaga joylashtirilib, uch mahal ovqat bilan ta‘minlangan.

Yangilangan jadvalga ko‘ra, reys 18-may kuni mahalliy vaqt bilan soat 20:25 da Guanchjoudan uchib, 19-may kuni 00:50 da Toshkentga yetib kelishi kutilmoqda.

Spot, avvalroq, Centrum Air sho‘ba korxonasi samolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatish huquqini olgani haqida yozgandi.