Shuhratbek Qurbonov Simple Smart Systems fintex kompaniyasida o‘z faoliyatini boshladi. Bu haqda u o‘zining LinkedIn‘dagi sahifasida ma‘lum qildi.
Yangi loyiha O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznesni kreditlash bozorini texnologik nuqtayi nazardan transformatsiya qilishni maqsad qilgan. Loyiha rasman davlat sektoriga tegishli bo‘lsa-da, “ruhan [bu] — startap”, — deb ta‘kidladi Qurbonov.
“Maqsadlarimiz HUMO‘dagidek: shunchaki ayrim yaxshilanishlar emas, balki bozorni butunlay qayta shakllantirish”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Simple Smart Systems o‘z diqqatini ikkita strategik yo‘nalishga qaratadi. Ulardan biri mikrofirmalar, kichik va o‘rta korxonalar ishtirokchi banklardan tanlov asosida moliyalashtirish jalb qila oladigan kredit marketpleysini ishlab chiqish bo‘ladi.
Ikkinchi yo‘nalish — sun‘iy intellekt va mashinali ta‘lim (AI/ML) qo‘llanilgan holda banklar uchun skoring tizimini yaratish. U “avtomatlashtirish mumkin bo‘lgan joylarda” qo‘l mehnatisiz, mavjud ma‘lumotlarning to‘liq massivi asosida qarz oluvchilarning kreditga layoqatliligini aniq baholashni ta‘minlaydi.
Qurbonov bank sektori va moliya sohasi vakillarini ochiq muloqot va hamkorlikka taklif qildi. “Biz mamlakatda biznes uchun sharoitlarni haqiqatan ham o‘zgartiradigan infratuzilmani quramiz”, — deya so‘zini yakunladi u.
Aprel oyida Shuhratbek Qurbonov TBC Bank Uzbekistan rahbari maslahatchisi lavozimidan ketishini e‘lon qilar ekan, raqamli ekotizim jamoasiga “raqamli bank qurish nima ekanini qayta anglab yetish” imkoniyati uchun minnatdorlik bildirgandi. O‘shanda u keyingi ish joyi haqida xabar bermagan, biroq “bundan keyin ham qiziqarli bo‘lishini” qo‘shimcha qilgandi.
KTYDR ma‘lumotlariga ko‘ra, Simple Smart Systems kompaniyasi joriy yilning aprel oyida tashkil etilgan bo‘lib, ma‘lumotlarni joylashtirish va ularga ishlov berish xizmatlarini ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi. Shuhratbek Qurbonov firma rahbari lavozimini egallagan.
Korxonaning ustav fondi 57,25 mlrd so‘mni tashkil etadi. Kompaniya to‘liqligicha O‘zbekiston Markaziy banki tuzilmalari — Axborotlashtirish bosh markazi (95%) va Garov Reestri korxonasiga (5%) tegishli.
Spot, avvalroq, yagona QR-kod orqali to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish qoidalari tasdiqlanishi haqida yozgandi.