Meta kompaniyasi 27-maydan boshlab o‘zining barcha uchta platformasi — Facebook, Instagram va WhatsApp’da pullik Plus obunalarini ishga tushirdi. Bu haqda TechCrunch xabar bermoqda.

Obuna bo‘lgan foydalanuvchilar post joylash uchun qo‘shimcha imkoniyatlar, kengaytirilgan tashqi ko‘rinish sozlamalari va boshqa imkoniyatlarga ega bo‘ladilar.

Meta mahsulot yo‘nalishi direktori Naomi Gleyt kelajakda “ko‘proq qiziqarli funksiyalar"ga va’da berdi.

Instagram Plus va Facebook Plus obunalari oyiga $3,99, WhatsApp Plus esa $2,99 ni tashkil etadi.

Instagram Plus va Facebook Plus foydalanuvchilarga 24 soatdan ortiq tarixni e’lon qilish va istalgan miqdordagi obunachilar ro‘yxatini (“yaqin do‘stlar"dan tashqari) yaratish imkonini beradi. Har hafta foydalanuvchilar kengaytirilgan namoyish uchun hikoyani tanlashlari mumkin.

Shuningdek, obuna egalari o‘z postlarini tasmalardan yashirishlari, tomoshabinlar ro‘yxatida aks etmagan holda boshqalarning hikoyalarini ko‘rishlari va qo‘shimcha munosabatlar qo‘yishlari mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, obuna kengaytirilgan hikoyalar statistikasi va qo‘shimcha moslashtirish imkoniyatlarini ochadi.

O‘z navbatida, WhatsApp Plus foydalanuvchilari ko‘proq chatlarni biriktirishi va kengaytirilgan ro‘yxat sozlamalaridan foydalanishi mumkin.

Ular uchun bezak mavzulari va qo‘ng‘iroq signallarini o‘zgartirish, shuningdek, premium stikerlar mavjud bo‘ladi.

Yangi takliflar 2023-yilda ishga tushirilgan $15 lik Meta Verified obunasini almashtirmaydi, deya ta’kidladi kompaniya. U foydalanuvchilarga verifikatsiyadan o‘tish va ko‘k belgi olish imkonini beradi.

Bundan tashqari, Meta sun’iy intellektga asoslangan xizmatlar foydalanuvchilari uchun pullik tariflarni ishga tushirishga tayyorlanmoqda: oyiga $8 lik Meta One Plus va $20 lik Meta One Premium. Iyun oyidan boshlab ular Singapur, Boliviya va Gvatemalada sinov tariqasida taqdim etiladi.

Ikkala variant ham bir xil funksiyalar to‘plamini o‘z ichiga oladi, ammo Premium rejasi murakkab so‘rovlar uchun kengaytirilgan hisoblash quvvatidan foydalanish imkonini beradi.

TechCrunch nashri ta’kidlashicha, bu Meta AI’da “fikrlovchi” rejimdan foydalanish uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni anglatadi.

Meta One tomonidan taklif etilayotgan yana ikkita tarif korporativ foydalanuvchilar va kontent yaratuvchilariga qaratilgan. Ular Saudiya Arabistoni, Tailand va Bangladesh kabi mamlakatlarda sinov tariqasida ishlaydi.

Oyiga $15 evaziga foydalanuvchilar Essential obunasini tasdiqlash va profilga boshqa hisoblar va sahifalarga havolalar qo‘shish imkoniyati bilan xarid qilishlari mumkin.

$50 lik Advanced tarifi, shuningdek, foydalanuvchiga Facebook va Instagram qidiruvida yuqoriroq o‘rinni beradi, tasmadagi pozitsiyani yaxshilaydi va kengaytirilgan tahlillarni taqdim etadi.


Avvalroq Spot Texas prokuraturasi WhatsApp’ni maxfiylik haqidagi yolg‘onlari uchun sudga bergani haqida yozgandi.