Texas shtati Bosh prokuraturasi WhatsApp va uning bosh kompaniyasi Meta ustidan da’vo qo‘zg‘atdi.
Messenjer jamoasi foydalanuvchilarni WhatsApp shifrlash choralarining kuchi va ko‘lami haqida chalg‘itgani taxmin qilinmoqda.
“WhatsApp o‘z xizmatlarini himoyalangan va shifrlangan deb ta’kidlaydi, ammo bu va’dalarga mos kelmaydi”, — deyiladi Texas shtati bosh prokurori Ken Pakston bayonotida.
Reuters nashrining yozishicha, da’vo arizasida messenjer xodimlari foydalanuvchilarning “deyarli barcha” shaxsiy xabarlariga kirishi mumkinligi ko‘rsatilgan, biroq kompaniya buning aksini ochiq aytishda davom etmoqda.
Texas da’vosida Meta’ning WhatsApp’dagi shifrlanmagan xabarlarga kirgani haqidagi da’volar bo‘yicha federal tergov haqidagi yangiliklar xabarlari, shuningdek, AQSH Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasiga ma’lumot beruvchining hisoboti keltirilgan.
Meta ayblovlarni rad etmoqda — ularni yolg‘on deb atamoqda, chunki kompaniya vakilining so‘zlariga ko‘ra, WhatsApp foydalanuvchilarning shifrlangan xabarlariga kira olmaydi.
Texas bosh prokuraturasi sudda Metadan jarima undirishni va WhatsApp’ga shtat aholisining xabarlariga ularning roziligisiz kirishni taqiqlashni talab qilmoqda.
Pavel Durov allaqachon bu yangilikka izoh bergan. “WhatsApp'dagi shifrlash — katta yolg‘on. Endi WhatsApp asoschisi „foydalanuvchilar maxfiyligini sotdim“ deganda nimani nazarda tutgani ayon bo‘ldi. O‘zingizni ehtiyot qiling — Telegram’dan foydalaning”, — deb yozadi Durov.
Avvalroq Spot Yevropa Ittifoqi Google’ga rekord darajadagi jarima tayyorlayotgani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, bunga kompaniya qidiruv natijalarida o‘zining shaxsiy xizmatlarini ilgari surayotgani sabab bo‘lgan.