Yevropa Ittifoqi “Raqamli bozorlar to‘g‘risidagi qonun"ni buzgani uchun Google’ga rekord darajadagi jarima tayyorlamoqda.

Qayd etilishicha, bunga Google qidiruv natijalarida o‘zining shaxsiy servislarini ilgari surayotgani sabab bo‘lgan.

Yevrokomissiya monopoliyaga qarshi tekshiruv yakunlariga ko‘ra Google’ni bir necha yuz million yevro miqdorida jarimaga tortishga yaqin turibdi, deya xabar berdi Germaniyaning Handelsblatt gazetasi regulyatordagi manbalariga tayanib.

Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, qaror yozgi ta’tilgacha e’lon qilinadi. Jarima miqdori “bir necha yuz million” yevroni tashkil etadi — bu DMA (Raqamli bozorlar to‘g‘risidagi qonun) kuchga kirganidan beri eng yirik jarima bo‘ladi.

Yevrokomissiya tekshiruvni 2025-yil mart oyida boshlagan. Bunga bozor ishtirokchilarining shikoyatlari sabab bo‘lgan: ular Google qidiruv natijalarida o‘z servislariga ustunlik berayotgani va bu raqobatga ziyon yetkazayotganini ta’kidlagan.

Qayd etilishicha, Yevrokomissiya tayyorlanayotgan jarimaga qaramay, ular uchun ustuvor vazifa pul yig‘ish emas, balki qonun ijrosini ta’minlash ekanini ta’kidlamoqda.

Regulyator vakili Tomas Rening Reuters agentligiga bergan izohida aytishicha, garchi nizoni hal qilish bo‘yicha muzokaralar davom etayotgan bo‘lsa-da, idora bu borada qat’iy va ikkilanmasdan keyingi qadamlarga o‘tadi.

Avvalroq, may oyida Yevrokomissiya Google’ga qidiruv tizimini DMA talablariga muvofiq qayta ishlash uchun qo‘shimcha vaqt bergandi — kompaniyaning oldingi taklifi uni qoniqtirmagan edi.

Google kelishmovchiliklarni bartaraf etishga harakat qilayotganini ma’lum qildi, biroq Yevropa regulyatsiyasining qat’iyligini tanqid ostiga oldi.

Kompaniya vakilining so‘zlariga ko‘ra, DMA talablari asosida qidiruv tizimiga kiritilgan o‘zgarishlar mahsulot uchun jiddiy ortga qadam bo‘lib, uni yevropalik foydalanuvchilar uchun yomonlashtirgan.

Bu Google uchun Yevropa Ittifoqining monopoliyaga qarshi organlari bilan birinchi to‘qnashuv emas.

2025-yil sentabr oyida Yevropa Ittifoqi Google’ga reklama texnologiyalari bozoridagi ustun mavqeini suiiste’mol qilgani uchun $3,45 mlrd miqdorida jarima soldi.

AQSh prezidenti Donald Tramp bu qarorni tanqid qilib, uni Amerikaning yirik kompaniyalariga nisbatan “soliq solishning bir shakli” deb atadi.


Avvalroq Spot Google ruxsatsiz bolalar ma’lumotlarini yig‘gani uchun $8 mln jarima to‘lashi haqida yozgandi.

Da’vogarlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, to‘lovlar miqdori uncha katta bo‘lmaydi va bir kishi uchun $0,83 dan $2,17 gacha bo‘ladi.