Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar vazirligi Tesla Cybertruck’dan qutqaruv operatsiyalari uchun tezkor harakat avtomobili sifatida foydalanmoqda.
Vazir o‘rinbosari Yerbolat Sadirbayevning so‘zlariga ko‘ra, elektr pikap Olmaotadagi turli favqulodda vaziyatlarda o‘z samaradorligini ko‘rsatgan.
Vazirlik avtomobil tanlovini uning mobilligi, murakkab relyefda ishlash imkoniyati, shovqinsizligi va qutqaruvchilar uskunalarini elektr energiyasi bilan ta’minlay olishi bilan izohlamoqda.



Mahalliy OAVning yozishicha, bitta shunday elektropikap taxminan 120 mln tengega (yoki qariyb $246 ming) tushgan. Sadirbayevning tushuntirishicha, Cybertruck yetarlicha samarali ekanini ko‘rsatgan.
“Tarmoq vazirligi aynan odamlarga yordam berish kerak bo‘lgan va har bir daqiqa hisobda turgan holatlar bilan kurashmoqda. Tesla Cybertruck bugungi kunda turli favqulodda vaziyatlarga chiqishda o‘zini ancha oqladi. Gap odamlar hayotini saqlab qolish haqida ketmoqda”, — dedi vazir o‘rinbosari.
Qayd etilishicha, Cybertruckdan, shuningdek, ko‘chma qo‘mondonlik-razvedka punkti sifatida ham foydalaniladi.
U sun’iy yo‘ldosh interneti, termal kamerali professional dronlar, maxsus aloqa vositalari, himoyalangan kompyuter texnikasi va avtonom quvvat manbalari bilan jihozlangan.
Ta’kidlanishicha, bu qutqaruvchilarga favqulodda vaziyat zonasining o‘zida mobil shtabni joylashtirish imkonini beradi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi Cybertruck an’anaviy qutqaruv mashinalari, o‘t o‘chirish texnikasi va tez yordam avtomobillarining o‘rnini bosmasligini alohida ta’kidlamoqda. U tezkor harakat qilish uchun qo‘shimcha transport vositasi sifatida ko‘rilmoqda.
Sadirbayev kelajakda ham futuristik elektromobillar xarid qilinishi mumkinligini istisno etmaydi, biroq FVV hozircha yangi mashinalarning aniq sonini ma’lum qilgani yo‘q.
“Keyingi xaridlar haqida gapiradigan bo‘lsak, vazirlik texnika parkini yangilash siyosatini olib bormoqda va bunda asosiy e’tiborni ularning samaradorligiga qaratmoqda”, deyiladi xabarda.
Avvalroq Tesla Model S va Model X elektromobillarini ishlab chiqarishni rasman to‘xtatgani haqida xabar berilgandi.


