TBC Bank guruhiga aloqador kompaniyaning OLX Classifieds’ni sotib olishi bo‘yicha iqtisodiy konsentratsiya bitimiga rozilik berildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qo‘mita BAAda ro‘yxatdan o‘tgan Tapuz Limited kompaniyasining arizasini ko‘rib chiqdi. Ariza OLX savdo belgisi ostida onlayn reklama xizmatlarini ko‘rsatuvchi OLX Classifieds’ning 100% ulushini sotib olishga taalluqli.

Kompaniyaning asosiy aksiyadori bo‘lgan TBC Bank Group PLC’ning O‘zbekistonda TBC Bank raqamli tijorat banki hamda Payme onlayn to‘lov xizmatiga bilvosita egalik qiladi. Shuningdek, Payme va OLX Classifieds raqamli platformalar sohasida ustun mavqega ega korxonalar ro‘yxatiga kiritilgani ham inobatga olindi.

Shu bilan birga, Tapuz Limited O‘zbekistonda onlayn reklama xizmatlari sohasida faoliyat yurituvchi boshqa xo‘jalik yurituvchilar ustav fondida ulushga ega emasligi aniqlandi.

Qo‘mita tahlil natijalariga ko‘ra, mazkur bitim bo‘yicha raqobat muhitini saqlash va iste’molchilar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qator majburiy talablar belgilangan holda iqtisodiy konsentratsiya bitimiga oldindan rozilik berish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Jumladan, Tapuz Limited va uning aksiyadori hisoblangan TBC Bank Grup PLC nazoratidagi raqamli platformalar orqali OLX foydalanuvchilari uchun xizmatlardan foydalanish shartlariga bir tomonlama va asossiz ta’sir ko‘rsatmaslik talabi belgilandi.

Shuningdek, OLX’da to‘planadigan yoki qayta ishlanadigan ma’lumotlardan foydalanishda, TBC bank va Payme bilan raqobatchi tashkilotlar mijozlariga oid shaxsiy yoki tijorat ma’lumotlaridan raqobatni cheklash maqsadida foydalanmaslik yoki ularni oshkor qilmaslik, ustun mavqeni suiiste’mol qilmaslik hamda iste’molchilar huquqlarini kamsitmaslik choralarini ta’minlash majburiyati yuklatildi.

Bundan tashqari, OLX orqali xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirishda foydalanuvchilarni faqat Payme yoki TBC Bank ilovalaridan foydalanishga majburlamaslik, boshqa to‘lov xizmatlari uchun ham teng sharoit yaratish talab etiladi.

Kompaniya, shuningdek, “Raqobat to‘g‘risida"gi qonun va tegishli nizom talablariga to‘liq rioya qilishi lozim.

2025-yil avgustida TBC Bank Group OLX Uzbekistan (OLX UZ) aksiyalarining 100% nazorat paketini sotib olgan edi. Sotuvchi Prosus tarkibiga kiruvchi OLX Group edi. OLX UZ’ni sotib olish uchun TBC Bank Group Titan Investments bilan qo‘shma korxona tashkil etdi.


Avvalroq Spot OLX UZ onlayn reklama bozorida ustun mavqega ega deb topilgani haqida yozgandi.