O‘zbekiston va Rossiya neft va neft mahsulotlarini yetkazib berishni muhokama qildi. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev LinkedIn’da yozdi.

5-iyun kuni bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev Rossiya hukumati raisi o‘rinbosari Aleksandr Novak bilan uchrashib, energetika sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Tomonlar neft va neft mahsulotlarini, jumladan, avtomobil benzini, aviatsiya yoqilg‘isi va neftni qayta ishlash zavodlari uchun xomashyo yetkazib berish bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqdilar.

Rossiya hukumati xabariga ko‘ra, uchrashuvda energetika sohasidagi hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi. Mavzular qatoriga 4-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev va Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan start berilgan O‘zbekistonda integratsiyalashgan atom elektr stansiyasining birinchi energobloki qurilishi ham kirdi.

Bundan tashqari, Jamshid Xodjayev Rossiyaning yirik energetika kompaniyalari rahbarlari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi.

Gazprom neft boshqaruvi raisi Aleksandr Dyukov bilan muzokaralarda tomonlar energetika, sanoat kooperatsiyasi va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov ham ishtirok etgan Gazprom boshqaruvi raisi Aleksey Miller bilan uchrashuvda gaz sohasidagi joriy hamkorlik, jumladan, ta’minot ishonchliligi va energiya xavfsizligi masalalariga e’tibor qaratildi.

“Tomonlar gaz sohasidagi hamkorlikning borishini ko‘rib chiqdilar. Ta’kidlanishicha, Gazprom mamlakatga, shu jumladan qishki talab eng yuqori bo‘lgan davrlarda ham gazni ishonchli yetkazib berishni ta’minlaydi. Uchrashuv ishtirokchilari O‘zbekistonning energetika xavfsizligini ta’minlashda samarali va ekologik toza yoqilg‘i bo‘lgan tabiiy gazning ahamiyatini ta’kidladilar”, — deyiladi Gazprom xabarida.

Rosneft kompaniyasi bosh direktori Igor Sechin bilan uchrashuvda yoqilg‘i-energetika sohasidagi hamkorlik istiqbollari va amaliy sheriklikni kengaytirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.


Avvalroq Spot Rossiya aviakerosin eksportini taqiqlagani, ammo bu O‘zbekistonga ta’sir qilmasligi haqida yozgandi.