Rossiyada xorijiy biznes to‘rt yil ichida $610 mlrddan ortiq daromad yo‘qotdi, deya xabar berdi Inc Russia nashri.

Qayd etilishicha, 2022-yil boshidan G‘arb kompaniyalari Rossiya iqtisodiyotidagi o‘z ishtirokini keskin qisqartirdi.

Do‘stona bo‘lmagan yurisdiksiyalardan Rossiya aktivlariga kiritilgan sarmoyalar hajmi qariyb ikki baravar kamaygan bo‘lsa, do‘stona va neytral mamlakatlardan kelgan investitsiyalar, aksincha, bir necha barobar o‘sdi.

Aslida, xorijiy kapital tarkibida tezkor o‘zgarish yuz berdi: avvalgi ishtirokchilarning chiqib ketishi yangi sharoitlarda ishlashga tayyor bo‘lganlarning kuchayishi bilan bir vaqtda sodir bo‘ldi.

Korporativ hisobotlar asosidagi hisob-kitoblarga ko‘ra, do‘stona bo‘lmagan mamlakatlar kompaniyalarining Rossiyadagi aktivlari 2022-yil boshiga nisbatan qariyb ikki baravar kamaydi.

Shu paytda do‘stona yurisdiksiyalar bizneslari bo‘shagan bozor va chiqib ketayotgan investorlar bitimlari orqali aktivlari hamda daromadlarini oshirdi. Ayrim aktivlarning yangi egalar qo‘liga o‘tishi esa faqat brend emas, balki biznes-modelning ham o‘zgarishiga olib keldi.

Mamlakatda 2022-yilgi voqealarga qadar jami 4265 ta xorijiy kompaniya faoliyat yuritgan. Ularning qariyb yarmi bozorni tark etgan yoki mahalliy faoliyatini to‘xtatib qo‘ygan, qolganlari esa o‘z ishtirokini saqlab qolgan.

Do‘stona bo‘lmagan davlatlardan kelgan investorlar orasida o‘z biznesini yig‘ishtirganlar ulushi ancha yuqori bo‘lgan: bozorlardan ketishning asosiy qismi, ya’ni 3420 tadan 1820 tasi aynan ularning hissasiga to‘g‘ri kelgan.

G‘arb korporatsiyalari uchun bu hodisaning asosiy moliyaviy natijasi — aylanmalarning keskin qisqarishidir. Vedomosti hisob-kitoblariga ko‘ra, 2022-yildan 2025-yilgacha bo‘lgan davrda “do‘stona bo‘lmagan” mamlakatlar kompaniyalari Rossiyada $610 mlrddan ortiq daromaddan mahrum bo‘lgan.

Sof foyda bo‘yicha yo‘qotishlarning minimal miqdori o‘nlab milliard dollarga baholanmoqda. Ayniqsa, bozorni butunlay tark etgan kompaniyalarning daromadlari sezilarli darajada kamayib ketgan — yo‘qotilgan daromadning asosiy qismi ularning hissasiga to‘g‘ri kelgan.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda xorijiy kompaniyalar soni 20 mingtaga yaqinlashgani haqida yozgandi.

Xitoy oradagi farqni oshirishda davom etmoqda, Ozarbayjonning faolligi ham sezilarli darajada oshgan.