1-may holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda xorijiy investitsiyalar ishtirokida 19 490 ta kompaniya faoliyat yuritmoqda. Bu Milliy statistika qo‘mitasi hisobotida keltirilgan.
Yil boshidan buyon o‘tgan to‘rt oy ichida ularning soni 1326 taga yoki 7,3% ga ko‘paydi. Yillik hisobda o‘sish qariyb 3,5 mingta kompaniyani (+21,7%) tashkil qildi.
Korxonalarning asosiy qismi to‘lig‘icha xorijiy ta‘sischilarga tegishli — hozirda bunday kompaniyalar 15063 tani (+26%) tashkil etmoqda. Shu bilan birga, qo‘shma korxonalar soni ham bosqichma-bosqich o‘sishda davom etib, may oyi boshiga kelib 4427 taga yetdi.
Xitoy boshqa davlatlardan ilgarilab borishda davom etmoqda. Ayni paytda mamlakatda xitoylik investorlar ishtirokida 5615 ta kompaniya faoliyat yuritmoqda — bu yil boshiga nisbatan 571 taga va o‘tgan yilning may oyiga qaraganda 1735 taga (44,7%) ko‘p.
Taqqoslash uchun, Rossiya sarmoyasi ishtirokidagi firmalar soni bir yil ichida atigi 8,4% ga o‘sib, 3308 taga yetgan. Shunga qaramay, Rossiya qo‘shma korxonalar soni bo‘yicha yetakchilikni saqlab qolmoqda — Xitoyda bu ko‘rsatkich 788 ta bo‘lsa, Rossiyada 909 tani tashkil etadi.
Kuchli uchlikdan Turkiya ham o‘rin olgan — 2216 ta firma. Bu yanvar oyidagi darajadan 79 taga va o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 252 taga (+12,8%) ko‘pdir. Qozog‘iston ham shunga o‘xshash o‘sish sur‘atini namoyish etdi — bir yilda 13% ga o‘sish bilan kompaniyalar soni 1259 taga yetdi.
Janubiy Koreya kapitali ishtirokidagi kompaniyalar soni 721 tani tashkil etib, o‘tgan yilning may oyidagi darajadan 8,4% ga, yil boshidagidan esa 4% ga oshdi. Oltinchi o‘rinni 656 ta firma (-3%) bilan Afg‘oniston egallagan bo‘lsa, yettinchi o‘ringa 452 ta kompaniya bilan Ozarbayjon joylashdi — bu o‘tgan yilgiga nisbatan 62,6% ga ko‘p.
Shuningdek, o‘ntalikka 437 ta firma (+27,4%) bilan Tojikiston, 427 ta kompaniya (+21,3%) bilan BAA va 405 ta firma (+26,5%) bilan Hindiston kirdi. Avvalroq o‘ninchi o‘rinni egallab turgan AQSh 356 ta firma bilan 12-pog‘onaga tushib ketdi — bu Qirg‘izistonga qaraganda to‘rttaga kam.
Xorijiy investorlarni qiziqtirayotgan sohalar orasida savdo yetakchilik qilishda davom etmoqda — qariyb 7 mingta kompaniya. Yana 3,86 mingta firma sanoat, 1598 tasi qurilish va 1536 tasi IT sohasida faoliyat yuritadi.
Spot, avvalroq, YTB O‘zbekistonda vakolatxonasini ochgani haqida yozgandi.