Rossiyada migrantlar pul o‘tkazmalaridan 3% komissiya olish taklif qilindi. “Adolatli Rossiya” partiyasi deputatlari Davlat dumasiga har bir transchegaraviy pul o‘tkazmasidan yig‘im olishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini kiritdi, deya xabar berdi Gazeta.ru.
Partiya yetakchisi Sergey Mironovning qayd etishicha, mazkur taklif Rossiya budjetiga qo‘shimcha tushumlarni ta’minlashga qaratilgan.
“Migrantlarning mutlaq ko‘pchiligi Rossiyada hech qanday soliq to‘lamaydi, biroq mamlakatdan katta miqdordagi mablag‘larni olib chiqadi. Bu pullar Markaziy Osiyo davlatlari rivojiga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, Rossiya budjeti bu oqimdan hech qanday soliq yoki yig‘im olmaydi. Barcha daromadlarni esa pul o‘tkazmalari uchun komissiya oladigan to‘lov tizimlari va banklar olmoqda. Bu xayriya siyosatini tugatish vaqti keldi”, — deya hisoblaydi deputat.
Mironovning qo‘shimcha qilishicha, statistik ma’lumotlarga ko‘ra, transchegaraviy o‘tkazmalarning aksariyati migrantlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
O‘tgan yili Qirg‘izistonga rekord darajadagi $3,2 mlrd o‘tkazilgan bo‘lsa, 2025-yilda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi $15 mlrdga yetdi.
Deputatlar transchegaraviy o‘tkazma summasining 3% igacha majburiy to‘lovni joriy etishni taklif qilmoqda, dedi u.
Yanvar oyida Rossiya Davlat dumasi migrantlarning xorijga pul o‘tkazmalarini cheklash loyihasini rad etgandi.
Dumaning moliya bozori qo‘mitasi taklif etilayotgan o‘zgarish tarqoq xususiyatga ega ekanligini va tartibga solishda katta bo‘shliqlar qoldirishini ta’kidlamoqda.
Rossiya Federal bojxona xizmati O‘zbekiston Rossiyadan noqonuniy pul olib chiqish bo‘yicha kuchli beshlikka kirgani haqida xabar bergandi.
Qayd etilishicha, noqonuniy valyuta olib chiqish bilan bog‘liq yo‘nalishlarga Turkiya, BAA, Ozarbayjon, Xitoy kabi davlatlar kirdi.
Shuningdek, noqonuniy pul olib kirish ko‘pincha yuqorida ko‘rsatilgan mamlakatlar va Serbiyadan amalga oshirilmoqda.
Avvalroq Spot TIV O‘zbekistonda YI migrantlarni qaytarish markazlarini tashkil etishi haqidagi xabarni rad etgani haqida yozgandi.
Shuningdek, Qozog‘iston ham viza tartibini soddalashtirish evaziga Yevropa Ittifoqi bilan shunday muzokaralar olib borilmayotganini ma’lum qildi.