Avvalroq Spot O‘zbekistonda 1-iyuldan Maqsadli ipoteka omonati mexanizmi joriy etilgani haqida yozgan edi. Tajriba-sinov tarzida ishga tushgan mexanizm 2026-yil 31-dekabrgacha amal qiladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Markaziy bank tasdiqlagan nizomga ko‘ra, ipoteka krediti bo‘yicha subsidiya olish uchun ijobiy xabarnomaga ega fuqarolar bankda maqsadli ipoteka omonati ochishi mumkin. Omonat subsidiya xabarnomasi amal qiladigan davrda ochiladi va 12 oydan oshmagan muddatga shakllantiriladi.
Fuqarolar xabarnomaning amal qilish muddati davomida (4 oy ichida) bankga murojaat qilib, ipoteka omonati hisobvarag‘ini ochishi mumkin. Hujjatlar bank talablariga mos bo‘lsa, uch ish kuni ichida shartnoma rasmiylashtiriladi. Shundan so‘ng talabgor ipoteka krediti uchun zarur dastlabki badalning o‘ziga tegishli qismini omonatga jamg‘aradi.
Mablag‘ to‘liq shakllantirilgach, bank ikki ish kuni ichida subsidyplatform.mf.uz platformasi orqali Iqtisodiyot va moliya vazirligiga boshlang‘ich to‘lov uchun budjetdan ajratiladigan subsidiyani o‘tkazish bo‘yicha buyurtma yuboradi. Vazirlik esa besh ish kuni ichida mablag‘ni hisobvaraqqa o‘tkazadi.
Mablag‘lar kelib tushgan kundan keyingi kundan boshlab unga belgilangan bozor stavkasi bo‘yicha foiz hisoblanadi. Ular fuqaroning o‘z mablag‘iga ham, davlat subsidiyasi hisobiga kiritilgan mablag‘larga ham qo‘llanadi.
Jamg‘arilgan pullar va hisoblangan foizlar faqat birlamchi bozordagi yangi ko‘p qavatli uy-joyni sotib olish uchun dastlabki badal sifatida ishlatiladi. Omonat muddati tugamasidan ham fuqaro uy-joy topib, ipoteka rasmiylashtirishi mumkin. Bunda hisoblangan foizlar kamaytirilmaydi.
Agar tanlangan uy-joy narxi ipoteka kreditining eng yuqori miqdori va omonatda jamg‘arilgan mablag‘dan yuqori bo‘lsa, qolgan qismi fuqaro tomonidan dastlabki badalni oshirish hisobidan qoplanadi.
Bank ipoteka krediti ajratishni rad etsa, fuqaroning o‘z mablag‘i va unga hisoblangan foizlar qaytariladi. Davlat tomonidan ajratilgan subsidiya va unga hisoblangan foizlar esa davlat budjetiga qaytariladi. Shu bilan birga, fuqaro omonat muddati davomida ipoteka uchun takroran murojaat qilishi mumkin bo‘ladi.
Bank quyidagi hollarda ipoteka krediti ajratishni rad etishi mumkin:
- fuqaro uy-joy sotib olishdan o‘zi voz kechsa;
- kredit tarixi yoki to‘lov qobiliyati bank talablariga mos kelmasa;
- soxta yoki noto‘g‘ri ma’lumot taqdim etilgan bo‘lsa;
- tanlangan uy-joy belgilangan talablarga javob bermasa;
- omonat mablag‘lari boshqa maqsadlarda ishlatilgan bo‘lsa;
- dastlabki badal uchun zarur mablag‘ to‘planmagan bo‘lsa;
- omonat muddati tugaguniga qadar ipoteka shartnomasi rasmiylashtirilmasa va boshqalar.
Shuningdek, amaldagi tartib saqlanib qoladi. Ya’ni, ipoteka krediti ajratilgach, dastlabki besh yil davomida kredit foizining Markaziy bank asosiy stavkasidan yuqori qismi davlat tomonidan subsidiya qilinadi.
Avvalroq Spot ipoteka va uy-joy qurilishini kreditlashda eng faol banklar reytingi e‘lon qilingani haqida yozgandi.