Toshkentning Olmazor tumanidagi Gulsaroy ko‘chasida kapital ta‘mirlash ishlari olib borilmoqda. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi matbuot xizmati xabar berdi.

Loyiha doirasida ko‘chaga 18 ming kvadrat metr asfalt-beton qoplamasi yotqiziladi. Shuningdek, piyodalar harakati uchun 1,4 ming kvadrat metr trotuar barpo etiladi.

Ko‘chada avtomobillar qatnovi uchun 46 ta, piyodalar hududi uchun esa 36 ta yoritish tayanchi o‘rnatiladi. Bundan tashqari, 6 ta svetofor obyekti va yangi yo‘l belgilari o‘rnatilishi rejalashtirilgan.

Hududni obodonlashtirish ishlari doirasida yashil maydonlar atrofiga 1,5 kilometr panjara o‘rnatilib, shuncha uzunlikdagi sug‘orish tizimi barpo etiladi. Shuningdek, 280 tup manzarali daraxt va buta ekilib, 25 ta o‘rindiq o‘rnatiladi.

Markazning qayd etishicha, loyiha yo‘l infratuzilmasini yangilash bilan birga piyodalar xavfsizligini oshirish, hududni obodonlashtirish va aholi uchun qulay shahar muhitini yaratishni nazarda tutadi.

Spot, avvalroq, Toshkentdagi Abdulla Qodiriy ko‘chasida qayrilib olish yo‘li qariyb 4 baravar qisqartirilgani haqida yozgandi.