Yo‘l harakatini tashkil etish markazi Abdulla Qodiriy ko‘chasida harakatni tashkil etish sxemasini optimallashtirganini ma‘lum qildi.
Qayd etilishicha, ilgari Ekopark tomondan harakatlanayotgan haydovchilar ruxsat etilgan joyda qayrilib olish uchun 2 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tishga majbur bo‘lgan.
Endilikda esa qayrilib olish imkoniyati bevosita Abdulla Qodiriy ko‘chasining o‘zida tashkil etildi.
Natijada qayrilib olish uchun bosib o‘tiladigan masofa qariyb 4 baravarga qisqardi, ortiqcha yo‘l esa deyarli 75% ga kamaydi.





Shuningdek, avval 6−8 daqiqa vaqt talab qilgan manyovr endi 1,5−2 daqiqada amalga oshirilmoqda. Bu esa har bir haydovchiga o‘rtacha 4−6 daqiqa vaqt tejash imkonini beradi.
Markazga ko‘ra, o‘zgarishlar nafaqat haydovchilar uchun qulaylik yaratadi, balki qo‘shni ko‘chalardagi ortiqcha aylanma transport oqimini ham kamaytiradi.
Spot, avvalroq, bolalarni tashish qoidalarini buzganlik uchun jazolar kuchaytirilishi haqida yozgandi.




