O‘zbekistonda bolalarni transport vositalarida tashish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish taklif etilmoqda. Bu Bosh prokuratura tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan qonun loyihasida nazarda tutilgan.
Hujjat bilan Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga 128−11-modda kiritilib, bolalarni tashish qoidalarini buzganlik uchun ma‘muriy javobgarlik belgilanishi rejalashtirilgan.
Loyihaga ko‘ra, qoidabuzarlik uchun haydovchi BHMning 30 baravari (12,36 mln so‘m) miqdorida jarimaga tortilishi hamda 1 yildan 3 yilgacha transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinishi mumkin.
Agar ushbu huquqbuzarlik transport vositasini boshqarish huquqiga ega bo‘lmagan yoki bundan avval mazkur huquqdan mahrum etilgan shaxs tomonidan sodir etilsa, BHMning 50 baravari (20,6 mln so‘m) miqdorida jarima yoki 15 sutkagacha ma‘muriy qamoq jazosi qo‘llanadi.
Qonun loyihasi muhokamasi 3-iyulga qadar davom etadi.
O‘tgan hafta prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda bolalarga transport vositasini boshqarishga ruxsat berganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi masalasi ko‘rib chiqilgandi.
IIV YHXX boshlig‘i Sherzod Ibragimov voyaga yetmagan shaxslarga transport boshqarishga topshirish bo‘yicha alohida ma‘muriy javobgarlik choralari joriy etilishi haqida aytgandi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda 12 balldan ortiq jarima yig‘gan haydovchilar soni 107 nafarga yetgani haqida yozgandi.