Markaziy bank Adliya vazirligi tomonidan 16-iyulda 3281−6-raqam bilan ro‘yxatga olingan “O‘zbekiston Respublikasida valyuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalari"ga o‘zgartirishlar kiritdi. Bu haqda Huquqiy axborot kanali xabar berdi.

Hujjat qoidalarning maxsus valyuta hisobvaraqlaridagi mablag‘larni sarflashni tartibga soluvchi 28-bandiga taalluqlidir. Hozirda bunday hisobvaraqqa o‘tkazilgan pullarni faqat valyuta sotib olishda taqdim etilgan arizada ko‘rsatilgan maqsadlar uchun sarflashga ruxsat etilgan.

Agar mijozda bir shartnoma doirasida olingan valyutani boshqa shartnomani bajarish uchun ishlatish zarurati yuzaga kelsa, hozirda buning uchun valyutani bankka sotib, yangi maqsad uchun qaytadan sotib olishi kerak bo‘ladi.

O‘zgartirishlar ichki bozorda sotib olingan valyutadan foydalanish maqsadlarini o‘zgartirishga ruxsat beradi. Adliya vazirligida ta‘kidlanganidek, ular biznes uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratishga qaratilgan.

Iyun oyida MB raisi Timur Ishmetov kapital harakati bilan bog‘liq valyuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibiga o‘zgartirishlarni tasdiqlagandi. Fuqarolar va kompaniyalar investitsiya maqsadlarida muayyan miqdordagi mablag‘larni oldindan ruxsatsiz olib chiqish huquqini oldi.

Endilikda jismoniy shaxslarga xorijiy kompaniyalarning ustav kapitalini shakllantirish yoki unda ulush bilan ishtirok etish uchun yiliga $10 minggacha mablag‘ olib chiqishga ruxsat beriladi. Bunda mablag‘larni xorijiy brokerlik va investitsiya hisobvaraqlariga o‘tkazishga faqat mahalliy litsenziyaga ega investitsiya vositachilari ishtirokida ruxsat etiladi.

Davlat ulushi mavjud kompaniyalar va ularning sho‘ba tuzilmalari xorijiy korxonalarga sarmoya kiritish, shuningdek, chet elda filiallar, vakolatxonalar va savdo uylarini ochish uchun yiliga $100 minggacha mablag‘ yo‘naltirishi mumkin. Xususiy korxonalarga bu maqsadlar uchun har yili $200 minggacha mablag‘ olib chiqishga ruxsat beriladi.

Spot, avvalroq, Markaziy bank “maosh qulligi"ni bekor qiluvchi tizimni ishlab chiqqani haqida yozgandi.