Toshkent va uning atrofidagi issiqxonalar uchun soliqlarni oshirish taklif qilinmoqda. Iqtisodiyot va moliya vazirligi bu bo‘yicha Soliq kodeksiga o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.
Unga ko‘ra, Toshkent shahri hamda Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq, Qibray, Yangiyo‘l, Zangiota va Toshkent tumanlarida joylashgan issiqxonalar uchun mol-mulk va yer soliqlari amaldagi stavkalarga nisbatan 10 baravar etib belgilanadi.
Shuningdek, mazkur issiqxonalarga soliq imtiyozlari tatbiq etilmaydi. Biroq isitish qozonxonalari demontaj qilingan yoki elektr energiyasida ishlovchi issiqxonalar ushbu tartibdan mustasno bo‘ladi. Bunday issiqxonalar ro‘yxatini ekologiya sohasidagi vakolatli organ taqdim etadi.
Qonun loyihasi mualliflariga ko‘ra, o‘zgartirishlar issiqxonalarning Toshkent shahri va viloyati ekologiyasiga salbiy ta’sirini kamaytirish, ularni ekologik xavfsiz hamda energiya tejamkor texnologiyalarga o‘tishga rag‘batlantirishga qaratilgan.
Loyihada Soliq kodeksining mol-mulk va yer soliqlariga oid bir qator moddalariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi nazarda tutilgan. Loyiha bo‘yicha muhokamalar 31-iyulgacha davom etadi.
Avvalroq Spot Yaponiya kompaniyasi O‘zbekistondagi issiqxonalarni issiqlik nasoslariga o‘tkazishni rejalashtirayotgani haqida yozgan edi.