Yaponiyaning Sumitomo Corporation kompaniyasi O‘zbekistondagi issiqxona xo‘jaliklarida energiya tejamkor yechimlarni joriy etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xabar bermoqda.
Qo‘mita raisi Aziz Abduhakimov va kompaniyaning infratuzilma biznesi departamenti direktori Sosuke Ishida 8-iyul kuni muzokaralar o‘tkazdi.
Tomonlar Sumitomo kompaniyasining O‘zbekiston hududida umummilliy ekologik tashabbuslarda, jumladan, Toza havo va Chiqindisiz hudud loyihalarida ishtirok etish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Mehmonlar iqlimga moslashish va atmosferaga chiqindilarni kamaytirish loyihalariga qiziqish bildirdi. Ular energiya tejamkor isitish, shamollatish va havoni konditsiyalash tizimlari, shuningdek, issiqxonalar uchun issiqlik nasoslarini joriy etish bo‘yicha xalqaro tajribani taqdim etdi.
Xususan, Turkmanistonda Daikin iqlim yechimlaridan foydalangan holda zamonaviy issiqxona majmuasini yaratish tajribasi qayd etildi.
Sumitomo O‘zbekistonda issiqxonalarni ko‘mirdan zamonaviy energiya tejamkor yechimlarga o‘tkazish bo‘yicha pilot loyihani amalga oshirish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif qildi.



Shuningdek, muzokaralarda Samarqand viloyatidagi “Green Territory” loyihasi hududida namoyish maydonchasini yaratish istiqbollariga to‘xtalib o‘tildi. Bu yerda energiya tejamkor isitish sohasidagi zamonaviy yechimlar sinovdan o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Tomonlar ustuvor loyihalar ro‘yxatini tuzishga kelishib oldilar. Issiqxona xo‘jaliklarini modernizatsiya qilish bo‘yicha pilot loyihani amalga oshirish va uni moliyalashtirish bilan bog‘liq masalalar ishlab chiqiladi.
Avvalroq Spot Toshkent viloyatida issiqxonalarni demontaj qilish ishlari boshlangani haqida yozgandi.
Sun‘iy isitish tizimlaridan uzilayotgan issiqxonalarni Surxondaryodagi Surxon-Agro erkin iqtisodiy zonasiga ko‘chirish taklif etilmoqda.


