Toshkent viloyatining ayrim tumanlarida issiqxonalarni demontaj qilish hamda ularni sun‘iy isitish tizimlaridan uzish ishlari boshlandi. Bu haqda Ekologiya qo‘mitasi xabar berdi.

Maxsus komissiya tomonidan Qibray, Toshkent, Zangiota va Yuqori Chirchiq tumanlarida joylashgan issiqxonalarda demontaj ishlari olib borilmoqda.

Qo‘mita qayd etishicha, kuz-qish mavsumida ayrim issiqxonalar sun‘iy isitish uchun ko‘mir, mazut, avtomobil shinalari va boshqa zararli yoqilg‘i turlaridan foydalangani atmosfera havosining ifloslanishiga va aholi salomatligiga salbiy ta‘sir ko‘rsatgan. Shu sababli bu borada fuqarolardan ko‘plab asosli murojaatlar kelib tushgan.

O‘tkazilgan reydlar davomida zararli yoqilg‘idan foydalangan issiqxonalarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilib, ifloslanish manbalari bartaraf etilgan. Natijada atmosfera havosi sifati ma‘lum darajada yaxshilangani qayd etildi.

Qo‘mita ta‘kidlashicha, mazkur qarorlar aholining yashash sharoitlarini yaxshilash, atmosfera havosi ifloslanishini kamaytirish, issiqxonalarni iqlim sharoiti qulayroq hududlarga ko‘chirish hamda tadbirkorlarning isitish tizimlaridan foydalanish bilan bog‘liq ortiqcha xarajatlarini qisqartirish maqsadida qabul qilingan.

Shu bois prezidentning 2026-yil 25-martdagi 108-son hamda Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-apreldagi 162-son qarorlariga muvofiq issiqxonalarni sun‘iy isitish tizimlaridan uzish ishlari boshlandi.

Hukumat qaroriga ko‘ra, faoliyatini to‘xtatib, Surxon-Agro erkin iqtisodiy zonasi hududiga ko‘chadigan tadbirkorlik subyektlari uchun bir qator qo‘llab-quvvatlash choralari nazarda tutilgan.

Xususan, xalqaro moliya institutlari, maqsadli jamg‘armalar, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hamda tijorat banklari mablag‘lari hisobidan issiqxona xo‘jaliklariga ajratilgan kreditlarning qaytarish muddati 5 yilga, jumladan 3 yilgacha imtiyozli davr bilan uzaytiriladi.

Bunda Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan ilgari berilgan kafolatlar hamda foiz stavkalarini qoplash bo‘yicha kompensatsiyalar saqlab qolinadi.

Bundan tashqari, 2028-yil 1-aprelga qadar Surxon-Agro erkin iqtisodiy zonasiga ko‘chiriladigan issiqxonalarni demontaj qilish, tashish va qayta o‘rnatish bilan bog‘liq xarajatlar yer maydonining har bir sotixi uchun 500 ming so‘mgacha bir martalik tartibda qoplab beriladi.

Hozirda Toshkent viloyatidagi tadbirkorlarga issiqxonalarni Surxon-Agro erkin iqtisodiy zonasiga ko‘chirish shartlari, ular uchun nazarda tutilgan imtiyozlar hamda boshqa muhim masalalar yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Shundan so‘ng issiqxonalarni sun‘iy isitish tizimlaridan uzish hamda tegishli shartnomalarni bekor qilish ishlari davom ettiriladi.

Joriy yilning aprelida 1-avgustdan Toshkent shahri va uning atrofidagi issiqxonalarda gaz ta’minoti to‘xtatilishi aytilgandi.


Spot, avvalroq, Termizda 217 tup daraxt kesilishiga ruxsat bergan sobiq qurilish bo‘limi boshlig‘i sudlangani haqida yozgandi.