AQSH apellyatsiya sudi Meta va TikTok kompaniyalarining quyi sud qarori ustidan shikoyatini rad etdi, deya xabar berdi Reuters nashri.

Shu tariqa, ijtimoiy tarmoqlarning bolalar va o‘smirlarga ehtimoliy zarari bilan bog‘liq minglab da’volarni ko‘rib chiqish davom etadi.

Kompaniyalar ishlarni tugatishni AQSh Kommunikatsiyalar to‘g‘risidagi qonunining 230-moddasida nazarda tutilgan himoyaga asoslanib so‘ragan edi.

Biroq sud 230-modda kompaniyalarni javobgarlikdan himoya qilishi mumkinligini, ammo ularni sud jarayonining o‘zidan ozod qilmasligini ta’kidladi.

Shu sababli ishlarni ko‘rib chiqish davom etishi mumkin. Natijada kompaniyalar o‘z platformalarini o‘smirlarni haddan tashqari ko‘p foydalanishga undaydigan tarzda ataylab ishlab chiqqani haqidagi da’volar bo‘yicha 3 mingdan ortiq federal ish ko‘rib chiqiladi.

Bundan tashqari, sud Meta kompaniyasining 29 shtat bosh prokurorlari qo‘llab-quvvatlagan da’vo bo‘yicha ishni boshqa sudga o‘tkazish haqidagi talabini ham rad etdi.

Kompaniya bolalarning ma’lumotlarini yig‘ish, platformalardan uzoq vaqt foydalanishni rag‘batlantiruvchi mexanizmlarni yaratish hamda xizmatlarning xavfsizligi borasida foydalanuvchilarni chalg‘itishda ayblanmoqda.

Shu bilan birga, shtatlar sudlarida ham shunga o‘xshash minglab ishlar ko‘rib chiqilmoqda. Da’vogarlar — ota-onalar, foydalanuvchilar, maktablar, munitsipalitetlar va davlat organlari — ijtimoiy tarmoqlar dizayni yoshlar orasida xavotir, depressiya va o‘z tanasini noto‘g‘ri qabul qilish kabi muammolarni kuchaytirayotganini ta’kidlamoqda.

Kompaniyalar ayblovlarni rad etib, da’volarga qarshi kurashishda davom etmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar sohasiga bosim boshqa sud qarorlaridan keyin ham kuchaydi.

Jumladan, Kaliforniyada Meta va Google ehtiyotsizlikda aybdor deb topilgan. Nyu-Meksiko sudining qaroriga ko‘ra esa Meta o‘smirlarning ruhiy salomatligini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga $567 mln to‘lashi kerak.


Avvalroq Spot Janubiy Koreyada 14 yoshgacha bo‘lganlarga ijtimoiy tarmoqlar taqiqlanishi mumkinligi haqida yozgandi.