Koreya hukumati 14 yoshga to‘lmagan bolalarga ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ochishni taqiqlash imkoniyatini o‘rganmoqda. Bu haqda OAV va aloqa komissiyasi raisi Kim Chon Chxol ma’lum qildi, deb yozadi Yonhap.

Shu bilan birga, o‘smirlar uchun tavsiya algoritmlarining ishlashini cheklash choralari muhokama qilinmoqda.

Kim Chon Chxolning so‘zlariga ko‘ra, ko‘rib chiqilayotgan choralar 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tishni taqiqlashni nazarda tutadi.

Bundan tashqari, rasmiylar 14 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlarni bunday platformalarda ko‘proq vaqt o‘tkazishga undaydigan algoritmlar ta’sirini cheklash niyatida.

Komissiya rahbari Koreya parlamentiga voyaga yetmaganlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini tartibga solishga bag‘ishlangan yettitaga yaqin qonun loyihasi kiritilganini ma’lum qildi.

Shu bilan birga, amaldor bunday qarorlarni avvalgi tajribani hisobga olgan holda qabul qilish zarurligini ta’kidladi.

Misol tariqasida u 2011-yilgi 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlarga yarim tundan ertalab soat oltigacha onlayn o‘yinlardan foydalanishni taqiqlovchi qonunni keltirdi.

2022-yil yanvar oyida bu taqiq o‘yin sanoatiga ta’siri va fuqarolarning asosiy huquqlarini buzishi tanqid qilinganidan keyin bekor qilindi.

Bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash

27-iyun kuni O‘zbekistonda ham 16 yoshga to‘lmaganlarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.

Maktab ta’limi vaziri E’zozxon Karimova bu bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishini ma’lum qildi.

18-iyun kuni BAAda 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishi taqiqlandi.

Bu yoshdagi o‘smirlarga shaxsiy akkaunt yaratish yoki platformalarning to‘liq imkoniyatlaridan foydalanishga ruxsat berilmaydi. Qayd etilishicha, ota-onalarning rasmiy roziligi ham yangi qoidalardan istisno bo‘lmaydi.

Rasmiylar tegishli standartlarni bosqichma-bosqich joriy etish uchun ijtimoiy tarmoqlarga 12 oygacha muddat berdi.

Avvalroq Slovakiyada 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash taklif etilgani haqida xabar berilgandi.

Hukumat tashabbusni avgust oyida ko‘rib chiqadi. Agar qonun loyihasi ma’qullansa, yangi qoidalar 2027-yildan kuchga kirishi mumkin.

15-iyun kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer 2027-yil bahoridan mamlakatda 16 yoshga to‘lmagan o‘smirlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlanishini ma’lum qildi.

Starmerning ma’lum qilishicha, hukumat bu boradagi qonunni 2026-yil 25-dekabrigacha qabul qilishni reja qilgan. Taqiqning o‘zi esa 2027-yil bahoridan kuchga kiradi.

O‘tgan yili Avstraliya dunyoda birinchi bo‘lib 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqladi.

2026-yil evral oyida Portugaliya ham 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashini ma’lum qildi.

Cheklovlar Instagram, Facebook va TikTok’ga tatbiq etiladi, ammo ota-onalar farzandlari bilan muloqot qiladigan WhatsApp’ga qo‘llanilmaydi.

Joriy yil mart oyi boshida Indoneziya 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar uchun “yuqori xavfli” ijtimoiy tarmoqlarni taqiqladi.

Shuningdek, aprel oyida Turkiya parlamenti 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklovchi qonun loyihasini ma’qulladi.

Gretsiya esa 2027-yildan 15 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashni rejalashtirmoqda.

Mamlakatda o‘tkazilgan so‘rovnomalar natijalariga ko‘ra, fuqarolarning qariyb 80%i bu qarorni qo‘llab-quvvatlamoqda.

May oyida Qozog‘istonda 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.

Hukumat hozirda tegishli normani muhokama qilmoqda va unga bolalarning onlayn platformalarga kirishini cheklash kiritilgan.

Shuningdek, Kanadada ham 16 yoshdan kichiklarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.

10-iyun kuni hukumat bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash va sun’iy intellektli chat-botlarni tartibga solish to‘g‘risidagi qonun loyihasini taqdim qildi.


Avvalroq Spot ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish stressga sabab bo‘lishi haqida yozgandi.

Barcha afzalliklarga qaramay, ularda o‘tkazilgan vaqt idrok va his-tuyg‘ularga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi, tashvish va stressni keltirib chiqaradi.