O‘zbekistonning Cerberus startapi Road to TechCrunch Startup Battlefield 2026 tanlovining mintaqaviy finalida birinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda Spot‘ga IT Park xabar berdi.
Kiberxavfsizlik sohasidagi mazkur loyiha C7 Cybersecurity (Cerberus Tech) kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilmoqda. Kompaniya sun‘iy intellekt yordamida korporativ IT-tizimlardagi zaifliklarni avtomatik qidirish, shuningdek, sun‘iy intellekt harakatlarini belgilangan doirada boshqarish yechimi ustida ishlamoqda.
Joriy yilning iyun oyida Cerberus 500 Global xalqaro venchur fondidan investitsiya jalb qilgan edi.
Dasturda ishtirok etish uchun Markaziy Yevroosiyoning 39 mamlakatidan 726 ta jamoa ariza topshirdi va milliy saralash yakunlariga ko‘ra 22 ta loyiha mintaqaviy bosqichga yo‘l oldi. O‘zbekiston nomidan oltita loyiha — Cerberus, MoliyAI, Sino AI, Deepen, Fermopolis va Oqim App ishtirok etdi.
Tanlov finali 12-avgust kuni bo‘lib o‘tdi. Kuchli uchlikdan Cerberus bilan bir qatorda Qozog‘istonning WeGlobal AI startapi va Yaponiyaning LOOQ kompaniyasi ham o‘rin olib, ular TechCrunch Startup Battlefield tanlovining global bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Mintaqaviy bosqich g‘olibi sifatida Cerberus $50 ming miqdoridagi pul mukofotini oladi. Ikkinchi o‘rin uchun WeGlobal AI $30 ming, uchinchi o‘rin uchun esa LOOQ $20 ming bilan taqdirlanadi.
Umumiy mukofot jamg‘armasi $100 mingni tashkil etib, IT Park Ventures, Astana Hub Ventures va Silk Road Innovation Hub ishtirokida moliyalashtirilmoqda. Bundan tashqari, OpenAI kompaniyasi tanlov yetakchilariga o‘z mahsulotlaridan foydalanish uchun xuddi shu miqdorda kreditlar ajratadi.
G‘oliblar TechCrunch Disrupt 2026 tadbirining uch kuni davomida o‘z loyihalarini taqdim etishlari va TechCrunch Startup Battlefield 200 sahnasida chiqish qilishlari mumkin bo‘ladi. Tashkilotchilar har bir jamoaning ikki a‘zosi uchun parvoz va bir haftalik yashash xarajatlarini o‘z ichiga olgan sayohatni to‘liq qoplab beradi.
Spot, avvalroq, Nurafshonda Kelajak texnologiyalari markazi qurilishi boshlangani haqida yozgandi.
