San-Fransiskodagi do‘konni boshqarishga jalb qilingan Claude sun’iy intellekt chat-boti haqiqiy xodimni ishdan bo‘shatish bo‘yicha qaror chiqargan. Bu haqda Times nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Andon Labs AI tadqiqot startapi San-Fransiskoda kichik savdo do‘konini sun’iy intellekt yordamida boshqarishni sinab ko‘rgan.
Tajriba davomida do‘konning boshqaruv vazifalarining bir qismi Claude’ga topshirildi. Claude nafaqat biznes jarayonlarini boshqargan, balki haqiqiy xodimlar ustidan ham menejerlik qilgan.
Iyul oyida Claude do‘kondagi xodimlardan birini ishdan bo‘shatish haqida qaror qabul qilgan. Bu katta til modeli menejer sifatida faoliyat yuritib, o‘z xodimini ishdan bo‘shatgan ilk ma’lum holat sifatida baholanmoqda. Xodim 23 ta smenadan 17 tasiga kechikib kelgani sababli ishdan bo‘shatilgan.
Biroq Claude xodimning muntazam kechikayotganini darhol aniqlamagan. Bunga sabab SI tomonidan tuzilgan xodimlar qo‘llanmasi uning cheklangan ishchi xotirasidan yo‘qolib qolgani bo‘lgan.
Shu sababli Claude davomat va intizom qoidalarini muntazam qo‘llamagan. Do‘kon xodimlarining aytishicha, Claude umuman olganda juda yumshoq menejer bo‘lgan va ayrim hollarda kechikib kelgan xodimlarga bundan xavotirlanmaslikni aytgan.
Keyinchalik Andon Labs xodimi Claude’dan avval tuzilgan xodimlar qo‘llanmasini qayta ko‘rib chiqishni so‘ragan. Shundan so‘ng SI xodimning 23 ta smenadan 17 tasiga kechikkanini aniqlagan.
Dastlab Claude uni ishdan bo‘shatishni emas, rasmiy ogohlantirish berishni tavsiya qilgan. Biroq inson menejer xodim bilan bu masala yuzasidan avval ham bir necha bor suhbatlashilganini bildirgan va uning kompaniyada qolishi maqsadga muvofiqligini qayta ko‘rib chiqishni so‘ragan.
Andon Labs rahbari bu savol Claude’ni ishdan bo‘shatish qaroriga yo‘naltirganini tan olgan. Shundan keyingina SI xodimni ishdan bo‘shatishga qaror qilgan.
Tajriba SI hozircha inson menejeri o‘rnini to‘liq bosa olmasligini ham ko‘rsatgan. Loyiha mart oyida boshlanganida Andon Market hisobida $100 ming bo‘lgan.
Besh oy o‘tib, mablag‘ $61 ming 186 gacha kamaygan. Kompaniya rahbari zararning sabablaridan biri Claude’ning haddan tashqari yumshoq boshqaruv qarorlari va biznes masalalaridagi ayrim noto‘g‘ri qarorlari bo‘lganini ta’kidlagan.
Shunga qaramay, Andon Labs rahbari Lukas Petersson bu tajribani kelajak uchun muhim signal deb hisoblaydi. Uning fikricha, sun’iy intellekt tobora kuchayib, katta iqtisodiy qiymat yarata boshlagan sari odamlarning SI tomonidan boshqariladigan ish joylarida ishlashi mumkin.
Shu bilan birga, Andon Market xodimlaridan biri SI rahbar qo‘l ostida ishlashni yoqimsiz tajriba deb atagan. Uning aytishicha, u bu ishni yoqtirmasa ham, ishlashga muhtoj bo‘lgani uchun qolmoqda. U SI menejerlari kelajakda yanada keng tarqalishi haqidagi taxminni ham ma’qullamagan.
Claude’ning qarori inson tomonidan berilgan ko‘rsatmalar va nazorat ostida qabul qilingan. Biroq tajriba sun’iy intellektning oddiy yordamchi vositasidan xodimlarni boshqarish, ularning faoliyatini baholash va ish bilan bog‘liq qarorlar qabul qilishda ishtirok etuvchi tizimga aylanayotganini ko‘rsatadi.
Avvalroq Spot Ilon Mask 24/7 ishlaydigan raqamli xodimlarni ishga tushirgani haqida yozgandi.
Grok Bot nomli SI xodim saytlar va CRM tizimlari bilan ishlashi, kod yozishi, xatolarni tuzatishi va boshqa vazifalarni bajarishi mumkin.