Telegram platformasi o‘zining .gram domen zonasiga ega bo‘lishni rejalashtirmoqda. Bu haqda messenjer hammuassisi Pavel Durov ma’lum qildi.

Hozirda ariza Domen nomlari va IP-manzillarni boshqarish korporatsiyasi (ICANN) tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. Agar ariza ma’qullansa, 1 mlrddan ortiq foydalanuvchiga ega Telegram auditoriyasi ikkinchi darajali o‘z domenlariga ega bo‘lishi mumkin, dedi tadbirkor.

Masalan, Telegram’dagi @durov akkaunti Pavel Durovga durov.gram domeniga ega bo‘lish imkonini bergan bo‘lardi. Unga tegishli @monk foydalanuvchi nomi esa monk.gram domeniga aylangan bo‘lardi.

“Foydalanuvchilar shunchaki bitta so‘rov yozish orqali Telegram asosida o‘zlarining interaktiv saytlarini yaratishlari mumkin bo‘lardi”, — dedi Durov.

14-iyul kuni messenjerga tegishli t.me domeni vaqtincha o‘chirib qo‘yildi. U Chernogoriyaning .me milliy domen zonasiga tegishli. Shu sababli brauzerlarda kanallar va xabarlarga olib boruvchi qisqa havolalar vaqtincha ochilmay qoldi.

Shu bilan birga, t.me formatidagi havolalar Telegram ichida ishlashda davom etdi. Messenjer kompaniyasi postlar va kanallarga tashqi havolalar uchun telegram.me domenidan foydalanishga o‘tdi.

.me domen zonasini boshqaruvchi doMEn kompaniyasi t.me domenini DNS domenlar reyestridan o‘chirganini tasdiqladi. Operator ushbu domen AQSH Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) talablariga muvofiqligini tekshirayotganini bildirdi.

Bundan bir kun avval, 13-iyulda AQSH hukumati First VPN Service (1VPNS) kompaniyasiga nisbatan sanksiyalar joriy qilgan edi. U bilan bog‘liq resurslar orasida t.me umumiy domenida joylashgan Telegram kanali ham aniqlangan.

Telegram havolalar o‘chirilganini va 1VPNS bilan boshqa aloqalari yo‘qligini ma’lum qildi. Shundan so‘ng doMEn messenjerning qisqa domeniga kirishni tikladi.


Avvalroq Spot Telegramda navbatdagi yangilanishlar taqdim etilgani haqida yozgandi.

Xususan, boy matn muharriri, hamjamiyatlar, guruhlarda vaqtinchalik xabarlar va boshqa imkoniyatlar paydo bo‘ldi.