Telegram jamoasi messenjerning yangi versiyasini taqdim etdi.


Boy matn muharriri

Endi matnlarni yanada qulay va chiroyli tarzda tayyorlash mumkin. Yangi boy matn muharriri GIF, sarlavha, jadval, ro‘yxat, iqtibos va kod bloklarini qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, matnning istalgan joyiga rasm va video joylashtirish imkonini beradi.

Muharrir sodda va tushunarli vizual interfeysga ega. Bundan tashqari, Cocoon texnologiyasiga asoslangan sun’iy intellekt vositalari yordamida matnlaringizni maxfiy tarzda yaratishingiz mumkin.

Botlar uchun joriy etilgan boy formatlash kabi, yangi muharrir ham bitta xabarda 32 768 tagacha belgi yozish imkonini beradi.

Hozircha bu imkoniyat faqat Telegram Premium foydalanuvchilari uchun taqdim etilgan.

Telegram hamjamiyatlari

Endi bir nechta guruh, kanal va botlarni bitta hamjamiyat ostida birlashtirish mumkin. Hamjamiyat a’zolari uning tarkibidagi boshqa chatlarni ko‘rishi va ularga bir zumda qo‘shilishi mumkin. Bu bir mavzuga oid barcha chatlarni yagona ekotizimda jamlashni osonlashtiradi.

Hamjamiyatdagi chatlar barcha a’zolarga ko‘rinadigan yoki faqat administratorlar va o‘sha chat ishtirokchilarigagina ko‘rinadigan (yashirin) bo‘lishi mumkin. Masalan, administratorlar uchun alohida yopiq guruh ochib, muhim ma’lumotlarni faqat o‘sha yerda ulashish mumkin.

Hamjamiyatlar chatlar ro‘yxatida kamroq joy egallaydi. Ularni bitta yig‘ilgan hamjamiyat ko‘rinishida yoki alohida chatlar sifatida ko‘rsatishni tanlash mumkin.

Odatiy holatda hamjamiyatning istalgan a’zosi yangi chat qo‘sha oladi. Biroq, bu imkoniyatni sozlamalar orqali faqat administratorlar bilan cheklash mumkin. Cheklov yoqilgan bo‘lsa, a’zolar yangi chatni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘sha olmaydi, faqat taklif yuborishi mumkin.

telegram, yangilanish

Vaqtinchalik bot xabarlari

Avval ham mehmon bot rejimi orqali istalgan chatda botlardan ma’lumot olish mumkin edi. Endi esa bot yuborgan ayrim xabarlar faqat ularni chaqirgan foydalanuvchiga ko‘rinadi. Shu sababli guruh chati ortiqcha bot xabarlari bilan to‘lib ketmaydi.

Botlar salomlashuv xabarlari, AI xulosalari, xatoliklar, tasdiqlar yoki tugmali menyularni faqat ma’lum bir foydalanuvchiga ko‘rsatishi mumkin.

Shuningdek, botlar bunday vaqtinchalik xabarlarni istalgan vaqtda yoki maxsus buyruqlarga javoban yuboradi. Bunday buyruqlar bot menyusida alohida belgi bilan ajratib ko‘rsatiladi, natijada yuborilgan xabarni faqat bot va undan foydalangan foydalanuvchi ko‘ra oladi.

telegram, yangilanish

350 mlndan ortiq GIF

Telegramdagi GIF qidiruvi endi 36 ta tilda 350 mlndan ortiq GIF orasidan keraklisini topa oladi.

Yangi qidiruv tizimi ommaga ochiq GIF’larni ochiq manbali sun’iy intellekt modellari yordamida oldindan indekslash orqali ishlaydi. Shu tufayli qidiruv tezroq va aniqroq bo‘ladi.

Shuningdek, Telegramda GIF qidiruvlari to‘liq maxfiy saqlanadi. Qidiruv jarayonida uchinchi tomon xizmatlaridan foydalanilmaydi, bu esa foydalanuvchi maxfiyligini ta’minlaydi.


Avvalroq Spot Telegram asoschisi Pavel Durov Fransiyada yana so‘roq qilingani haqida yozgandi.

Durov olti soatdan ortiq ko‘rsatma berdi. Bu uning 2024-yildan beri Fransiyadagi to‘rtinchi so‘rog‘i hisoblanadi.