2026/2027-o‘quv yilidan boshlab Toshkent shahrida joylashgan oliy ta‘lim tashkilotlarida birinchi smenadagi o‘quv mashg‘ulotlari soat 8:00 da boshlanadi. Bu haqda Oliy ta‘lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.

Yangi tartib poytaxtda transport oqimini samarali tashkil etish, ertalabki va kechki tig‘iz vaqtlarda yo‘llardagi yuklamani kamaytirish hamda ta‘lim jarayonini maqbul tashkil etishga qaratilgan.

Vazirlikka ko‘ra, darslarning ertaroq boshlanishi talabalar va professor-o‘qituvchilarning harakatlanish vaqtini oqilona rejalashtirish, kun davomida ta‘lim jarayonini samarali tashkil etish hamda shahardagi transport oqimini maqbullashtirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, mazkur tartib kunduzgi va kechki ta‘lim shakllarida tahsil olayotgan talabalar uchun o‘quv kunini to‘g‘ri rejalashtirish, mashg‘ulotlar va boshqa o‘quv faoliyati uchun vaqt imkoniyatlarini kengaytirishi kutilmoqda.

Yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik jarayonida poytaxtdagi oliy ta‘lim tashkilotlari rahbarlari, professor-o‘qituvchilar, pedagoglar hamda talabalardan yangi tartibni inobatga olish so‘ralgan.

Oliy ta‘lim tashkilotlarida mashg‘ulotlarni belgilangan vaqtda boshlash, o‘quv jarayonini tegishli ravishda tashkil etish hamda talabalar uchun zarur shart-sharoitlarni ta‘minlash bo‘yicha tegishli choralar ko‘riladi.

Vazirlikning qayd etishicha, yangi tartib faqat Toshkent shahrida joylashgan oliy ta‘lim tashkilotlarining birinchi smenadagi o‘quv mashg‘ulotlariga taalluqli.

OTMlarda yangi o‘quv yili 1-bosqich talabalari uchun 7-sentabrdan, undan yuqori bosqich talabalari uchun esa 14-sentabrdan boshlanadi.

Spot, avvalroq, oliy ta’limda yangi yo‘nalish va mutaxassisliklar joriy etilgani haqida yozgandi.