O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida AQSHda yashayotgan vatandoshlar uchun yangi raqamli pul o‘tkazmalari xizmati ishga tushirildi. Bu haqda Dunyo axborot agentligi xabar berdi.

Endilikda AQSHdagi foydalanuvchilar O‘zbekistondagi Humo va Uzcard kartalariga to‘g‘ridan to‘g‘ri pul yuborishi mumkin.

Xizmat Nyu-Yorkda asli o‘zbekistonlik tadbirkorlar Xusrav Mahmudov va Akmal Abdullayev tomonidan yaratilgan uPay.net fintex platformasi asosida yo‘lga qo‘yildi.

Avval platforma orqali AQSHdan O‘zbekistondagi mobil aloqa, internet, kommunal va boshqa kundalik xizmatlar uchun masofadan to‘lov qilish mumkin edi. Yangi imkoniyat bilan esa pul mablag‘larini milliy to‘lov tizimlari kartalariga o‘tkazish ham yo‘lga qo‘yildi.

Kompaniya vakillarining ma’lum qilishicha, barcha operatsiyalar raqamli shaklda amalga oshiriladi. Xizmatni ishga tushirishda AQSH va O‘zbekistonning moliyaviy tartibga solish talablari, tranzaksiyalar xavfsizligi va foydalanuvchilar uchun qulaylikni ta’minlashga e’tibor qaratilgan.

Shuningdek, pul o‘tkazmalarini amalga oshirish uchun zarur bank, texnologik va komplayens infratuzilmasi shakllantirilgan. Loyihani rivojlantirish doirasida O‘zbekistonning Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonasi va vatandoshlar tashkilotlari bilan ham muloqot olib borilgan.

Kelgusida pul o‘tkazmalari geografiyasini kengaytirish va yangi moliyaviy xizmatlarni joriy etish rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga, xorijda yashovchi o‘zbekistonliklar va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari vakillari uchun ham xizmatlar takomillashtiriladi.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda raqamli so‘m joriy etilishi borasida Markaziy bank rejalarini yozgan edi.