Lion Finance Group Plc — Bank of Georgia va Ameriabank egasi — biznesini yanada kengaytirish uchun O‘zbekiston va Qozog‘istondagi banklarni sotib olish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda guruh bosh direktori Archil Gachechiladze Bloomberg’ga ma’lum qildi.

“Biz top-3 — top-5dagi banklarga e’tibor qaratmoqdamiz. Bu qiymatni ochishning kaliti — bu modelni [Bank of Georgia misolida raqamli banking] qo‘llashimiz mumkin bo‘lgan yangi bozorlarni topishdir”, — dedi u.

Bank of Georgia raqamli bank xizmatlariga asosiy e’tiborni qaratgan. Aholisi qariyb 4 mln kishini tashkil etadigan Gruziyada uning ilovasidan har kuni 1 mln foydalanuvchi faol foydalanadi va yangilanishlar taxminan har ikki haftada chiqariladi. Ikkinchi chorak yakunlariga ko‘ra, Lion Finance Group’ning o‘rtacha kapital rentabelligi 27% ni tashkil etdi, kredit portfeli esa doimiy valyutada o‘tgan yilga nisbatan 23% ga o‘sdi.

Markaziy Osiyodan tashqari, guruh Boltiqbo‘yi va Bolqon mamlakatlarida ham bank sotib olish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Bunda yirik banklarga ustuvorlik berilmoqda.

“Top-3 afzalroq. Biz kichik banklarga bormaymiz”, — dedi Gachechiladze.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2024-yilda Armanistondagi Ameriabank’ni sotib olish kengayish modeli bo‘lib xizmat qiladi. Hozirda u guruh aktivlarining deyarli uchdan bir qismini tashkil etadi. Bank Armaniston kredit va depozit bozoridagi ulushini mos ravishda 23% va 20% dan 30% gacha oshirishni rejalashtirmoqda.

Lion Finance Group haqida nimalar ma’lum?

Lion Finance Group — Buyuk Britaniyada ro‘yxatdan o‘tgan moliyaviy xolding. Kompaniyaning bosh qarorgohi Tbilisida joylashgan. Guruhning asosiy bank aktivlari Gruziyadagi Bank of Georgia va Armanistondagi Ameriabankdir. Shuningdek, tuzilmaga Galt & Taggart investitsiya banki va moliya sektorining boshqa kompaniyalari kiradi. Lion Finance Group aksiyalari London fond birjasida sotiladi va kompaniyaning o‘zi FTSE 100 indeksiga kiradi.

Lion Finance Groupning bozor kapitallashuvi taxminan £5,8 mlrd ($7,9 mlrd) ni tashkil etadi. So‘nggi besh yil ichida guruh aksiyalari 740% ga o‘sdi, Stoxx Europe 600 Banks indeksi esa 210% ga oshdi.

Avvalroq Spot banklarning moliyaviy ahvolini tiklash rejalariga qo‘yiladigan talablar belgilangani haqida yozgan edi.