Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Milliy bankka raqamli somning bazaviy platformasini ishlab chiqish va uni 2026-yil 31-dekabrgacha pilot tarzda sinovdan o‘tkazishni topshirdi.
Bu haqda prezident huzuridagi Virtual aktivlar va blokcheyn texnologiyalarini rivojlantirish milliy kengashining uchinchi yig‘ilishida ma’lum qilindi.
2027-yildan boshlab raqamli valyutani real sharoitda sinovdan o‘tkazish, keyinchalik esa uni milliy miqyosda bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilmoqda.
Yig‘ilishda virtual aktivlar sohasidagi litsenziyalash va davlat nazoratini elektron shaklga o‘tkazish imkonini beruvchi raqamli platforma ham taqdim etildi.
Prezident litsenziyalash va nazorat uchun yagona platforma yaratish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.
Virtual aktivlar va blokcheyn texnologiyalari bo‘yicha milliy agentlikka bir oy muddatda platforma qiymatini aniqlash va uni moliyalashtirish manbalari bo‘yicha takliflar kiritish topshirildi. Platformani pilot tarzda sinovdan o‘tkazish 2027-yil 1-yanvardan boshlanishi kerak.
Bundan tashqari, yig‘ilishda milliy valyutaga bog‘langan KGST steyblkoinining istiqbollari, virtual aktivlar sohasidagi soliq tartiboti, xalqaro sanksiyalar va cheklovlar bilan bog‘liq xavflar muhokama qilindi.

Yig‘ilish yakunida Japarov Virtual aktivlar va blokcheyn texnologiyalari bo‘yicha milliy agentlikka uch oy ichida tegishli qonunosti hujjatlari paketini ishlab chiqish va virtual aktivlar to‘g‘risidagi qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha takliflar tayyorlashni topshirdi.
Davlat soliq xizmatiga ikki oy muddatda soliq tartibotini takomillashtirish masalalarini ko‘rib chiqish topshirildi.
Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) va Ichki ishlar vazirligi (IIV)ga virtual aktivlar sohasidagi xavflarni boshqarish uchun qonunchilik va hamkorlik mexanizmlarini kompleks baholash, shuningdek, vakolat va mas’uliyat, axborot almashinuvi hamda muammolarga javob qaytarish tartibini aniq belgilagan yagona yondashuvni ishlab chiqish topshirildi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda to‘lovlar uchun steyblkoinlardan foydalanish bo‘yicha tajriba loyihalari amalga oshirilayotgani haqida yozgandi.