Litva 1-noyabrdan O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston hamda Bosniya va Gersegovinadagi tashqi xizmat ko‘rsatish markazlarida vaqtinchalik yashash ruxsatnomasini (TRP) olish uchun yangi arizalarni qabul qilishni to‘xtatadi.

Ichki ishlar vaziri Martynas Katelynasning qaroriga ko‘ra, mazkur to‘rt davlatdagi markazlar endilikda Litvada vaqtinchalik yashash ruxsatnomasini olish uchun yangi arizalarni qabul qilmaydi. Bu markazlar chet elliklarning Litvaga ko‘chib kelishi va migratsiya jarayonlarini boshlashida vositachi sifatida faoliyat yuritgan.

Litva hukumati qarorni davlat xavfsizligi bilan bog‘liq ehtimoliy tahdidlar sababli qabul qilgan. Katelynasning aytishicha, Litva Davlat xavfsizlik departamenti Markaziy Osiyodan kelgan ayrim shaxslar orasida radikal qarashlar yoki terrorizm bilan aloqadorlik belgilari aniqlangani haqida ogohlantirgan. Vazirning fikricha, ehtimoliy xavflar real hodisaga aylanishidan oldin choralar ko‘rish zarur.

Bundan avval, mart oyidan boshlab O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistondagi markazlarda ish, mavsumiy ish, xizmat safari va amaliyot kabi “ustuvor bo‘lmagan” asoslar bo‘yicha arizalarni qabul qilish belgilangan limitlar asosida tartibga solingan.

Qayd etilishicha, 1-noyabrdan Litvaning xorijdagi tashqi xizmat ko‘rsatish markazlari faoliyat yuritadigan davlatlar soni 31 tadan 27 taga kamayadi.

Shu bilan birga, ishchi kuchi yetishmovchiligini qoplash maqsadida Belarus fuqarolariga Armaniston va Gruziyadagi markazlar orqali ariza topshirish imkoniyati beriladi.

Litvaning yangi migratsiya qoidalarida yuqori malakali mutaxassislar, talabalar va oila birlashuvi asosida murojaat qiluvchilar kabi ayrim toifalar uchun alohida tartiblar ham saqlanib qoladi.

Yangi tartib O‘zbekiston fuqarolarining Litvaga ishlash uchun borishini to‘liq taqiqlamaydi. O‘zgarish O‘zbekistondagi tashqi xizmat ko‘rsatish markazi orqali vaqtinchalik yashash ruxsatnomasiga yangi ariza topshirish imkoniyatining bekor qilinishiga taalluqli.

Litva rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, 1-noyabrdan xorijdagi 21 ta davlat markazida mehnat asosida vaqtinchalik yashash ruxsatnomasiga ariza topshirish imkoniyati saqlanadi.


Avvalroq Spot o‘rta tibbiyot xodimlari Germaniya klinikalarida ishlashga taklif etilayotgani haqida yozgandi.