Rayxon oilaviy milliy taomlari ta’sischisi Odilxon Ismoilov shartli jazoga o‘tkazilib, sud zalidan ozod qilindi. Bu haqda Namangan viloyati sudlari matbuot xizmati xabar berdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tuman sudining 2026-yil 13-iyuldagi hukmi bilan 1977-yil Namangan viloyatida tug‘ilgan tadbirkor O. I. (Odilxon Ismoilov — tahr.) ga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan edi.

Ushbu jinoyat ishi Namangan viloyat sudining apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilib, 12-oktabr kuni apellyatsiya sudining ajrimi e’lon qilindi.

Jinoyat ishi doirasida yetkazilgan zararning bir qismi naqd pul shaklida depozit hisob raqamiga topshirilgan. Sudlangan O. I. ga tegishli mulkni bank talabi asosida bank balansiga qabul qilish belgilangan.

Shuningdek, xatlangan mulklarni sottirib, zararni qoplash hamda moddiy zararni qoplash uchun faqat O. I. va uning yaqin qarindoshlariga tegishli mulklar yo‘naltirilgani e’tiborga olinib, O. I. ga Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan tayinlangan jazo o‘zgarishsiz qoldirilib, 3 yil muddati bilan Jinoyat kodeksining 72-moddasiga asosan shartli hisoblanishi belgilandi.

Shu tariqa sudlangan Odilxon Ismoilov sud zalida qamoqdan ozod qilindi.

Odilxon Ismoilov 2010-yildan Toshkent shahar bosh imom-xatibining o‘rinbosari lavozimida ishlagan. 2011−2018-yillarda Shayxontohur tumani bosh imom-xatibi hamda Shayx Zayniddin jome masjidi imom-xatibi bo‘lgan.

2018-yil iyul oyida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ismoilovning lavozimidan ozod etilganini ma’lum qilgan. Bunga uning masjid tartib-intizomiga rioya etmagani, kundalik namozlarda muntazam bo‘lmagani, tasdiqlanmagan xabarlarni internet orqali tarqatish kabi nuqsonlar hamda bemorligi vajidan vazifani uddalay olmayotgani sabab bo‘lgan.

2019-yildan Ismoilov Vaqf xayriya fondida ishlagan. Bundan tashqari, 2019-yil fevral oyida u Shayxontohur tumanidagi Xo‘ja Alam bardor masjidiga imom-xatib etib tayinlangan. Biroq o‘sha yilning sentabr oyida sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar sababli ushbu lavozimni tark etgan.

Avvalroq Spot Toshkent shahar soliq boshqarmasining sobiq rahbari talon-toroj qilishda ayblanib sudlanishi haqida yozgan edi.