O‘zbekistonliklarni AQSH qishloq xo‘jaligida mavsumiy ishlarga tayyorlash va ishga joylashtirish bo‘yicha maxsus dastur ishlab chiqiladi. Bu haqda Migratsiya agentligi ma’lum qildi.

Agentlik rahbari Muhsinxo‘ja Abdurahmonov AQSHning Head Honchos kompaniyasi vakillari bilan onlayn uchrashuv o‘tkazdi.

Muzokaralarda o‘zbekistonliklarni AQSH qishloq xo‘jaligi sohasidagi mavsumiy ishlarga tayyorlash va ishga joylashtirish bo‘yicha amaliy qadamlar kelishib olindi.

Nomzodlar uchun taxminan 12 haftalik maxsus o‘quv dasturi ishlab chiqiladi. Unda ingliz tili, qishloq xo‘jaligi texnikasini boshqarish, uskunalarga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash, payvandlash hamda mehnat xavfsizligi bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar o‘rgatiladi.

Ish beruvchilar o‘quv dasturini ishlab chiqish, nomzodlarni sinovdan o‘tkazish va yakuniy sertifikatlash jarayonida ishtirok etadi.

Dasturning asosiy maqsadi — birinchi guruh nomzodlarini AQSHdagi bahorgi qishloq xo‘jaligi mavsumiga tayyorlash.

Amerikalik hamkorlar ma’lumotiga ko‘ra, AQSH fermerlarining o‘zbekistonlik ishchilarni mavsumiy ishlarga jalb qilishga qiziqishi ortib bormoqda.

Ish beruvchilarning aniq buyurtmalari olinib, tanlov mezonlari tasdiqlangach, nomzodlarni saralash va tayyorlash jarayoni boshlanadi.

Qayd etilishicha, qabul shartlari va ariza topshirish tartibi Migratsiya agentligining rasmiy kanallarida e’lon qilinadi.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda Rossiyaga ishga ketuvchilar uchun “bir joyda barcha jarayonlar” tamoyili asosida markaz tashkil etish taklif qilingani haqida yozgandi.