OpenAI ChatGPT’ga qulflangan chatlar funksiyasini qo‘shdi, deya xabar bermoqda Kod Durova nashri.
Ular chatlar tarixi va qidiruv natijalaridan yashiriladi hamda PIN-kod yoki biometrik autentifikatsiya orqali ochiladi.
Mos keladigan istalgan chatni uch nuqta menyusi orqali qulflash mumkin. Bunday yozishmalar Loyihalar → Qulflangan chatlar bo‘limida jamlanadi. Birinchi chat qulflanganidan keyin shu bo‘limning o‘zida yangi chatlarni ham boshlash mumkin.
Ularga kirish uchun OpenAI akkauntiga bog‘langan to‘rt xonali PIN-kod talab qilinadi. iPhone’da qo‘shimcha ravishda Face ID yoki Touch ID, Android’da esa qurilmani qulfdan chiqarish funksiyasini yoqish mumkin.

OpenAI tushuntirishicha, bu funksiya ekran namoyish qilinayotganda yoki qurilmadan boshqa birov bilan birgalikda foydalanilganda shaxsiy yozishmalarni ko‘rsatib qo‘ymaslik uchun mo‘ljallangan.
Himoya faqat chatlarning ekranda ko‘rinishiga taalluqli: bloklash uzluksiz shifrlashni yoqmaydi, yozishmalarning serverlarda saqlanish muddatini o‘zgartirmaydi va foydalanuvchi chatlaridan modellarni o‘qitishda foydalanishga ruxsat beruvchi sozlamaga ta’sir qilmaydi. ChatGPT bloklashdan oldin xotirasiga saqlab qolgan ma’lumotlar ham xotirada qoladi.
Unutilgan PIN-kodni faqat qayta tiklash mumkin. Bunda barcha qulflangan chatlar va ular bilan bog‘liq fayllar qayta tiklash imkoniyatisiz o‘chirib tashlanadi.
OpenAI qo‘llab-quvvatlash xizmati ham, ish maydoni administratori ham ularni qaytara olmaydi. Shu bilan birga, Enterprise va Edu tariflarida qulflangan chatlar tashkilot foydalanishi mumkin bo‘lgan OpenAI Compliance Platform tizimidagi jurnallarda saqlanib qoladi. Agar joriy PIN-kod kiritilsa, ma’lumotlarni yo‘qotmasdan uni o‘zgartirish mumkin.
Funksiya Free, Go, Plus va Pro tariflarida bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. OpenAI yordam sahifasida Business, Enterprise va Edu tariflari ham ko‘rsatilgan.
U veb-versiyada, iOS va Android ilovalarida, shuningdek, macOS va Windows uchun yangi ish stoli ilovasida ishlaydi. Codex’dagi yozishmalarni qulflash mumkin emas.
Avvalroq Spot AQSHning sakkizta shtati OpenAI kompaniyasini sudga bergani haqida yozgandi.
Shtatlar bosh prokurorlari ChatGPT’ni xavfli maslahatlar berish, ruhiy salomatlikka zarar yetkazish va iste’molchilar huquqlarini buzishda ayblamoqda.