«O‘zbekiston Respublikasida investitsion muhitni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident farmoni e’lon qilindi. Farmonga muvofiq, 2018 yil 1 oktyabrdan boshlab investitsiyaviy faoliyatni amalga oshirish uchun yer uchastkalarini ajratishning quyidagi yangi mexanizmlari joriy etilmoqda:

  • qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkasini 50 yilgacha muddatga, lekin arizada ko‘rsatilganidan kam bo‘lmagan muddatga investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun uzoq muddatli ijaraga berish;
  • ko‘chmas mulk ob’ektlarini (mehmonxonalar, savdo ob’ektlari, madaniy-ko‘ngilochar majmualar, maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, ta’lim va tibbiyot tashkilotlari, yo‘l infratuzilmasi va boshqalar) qurish uchun yer uchastkalariga doimiy egalik qilish huquqini auksion orqali sotish.

Quyidagilarga:

  • O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda tuman (shahar) hokimlariga chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalarga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkasini 50 yilgacha muddatga, lekin arizada ko‘rsatilganidan kam bo‘lmagan muddatga investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun uzoq muddatli ijaraga berish;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga qonun hujjatlarida belgilangan vakolatlar doirasida va tartibda 10 million AQSH dollaridan ko‘p bo‘lmagan ekvivalentda chet el investitsiyasi ulushi bo‘lgan investitsiya loyihalarini amalga oshirishda chet el investorlari bilan investitsiya shartnomalarini tuzish;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga umumiy maydoni 2000 kvadrat metrdan ortiq, lekin 5000 kvadrat metrdan ko‘p bo‘lmagan, foydalanilmayotgan davlat mulki ob’ektlarini (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 iyundagi «Davlat mulki ob’ektlarini sotish tartib-taomillarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PQ-3067-son qarorining 1 va 2-ilovalarida ko‘rsatilgan ob’ektlar bundan mustasno) investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun sotish to‘g‘risida qaror qabul qilish huquqi beriladi.

Yer uchastkalarini olib qo‘yishda jismoniy va yuridik shaxslarga zarar o‘rni to‘liq qoplanadi

Yer uchastkalarini olib qo‘yishda jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan turar joy va ishlab chiqarish binolari, boshqa imoratlarva inshootlarning buzilishiga ko‘chmas mulkning bozor qiymati va olib qo‘yish sababli mulkdorga yetkazilgan zararning o‘rni to‘liq qoplanganidan keyin ruxsat beriladi

Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarga davlat organi (mansabdor shaxs)ning noqonuniy ma’muriy hujjati qabul qilinishi oqibatida yetkazilgan zarar davlat tomonidan, birinchi navbatda, tegishli organlarning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplanadi, keyinchalik aybdor shaxsdan regress tartibida undirib olinadi.

Yer uchastkalari faqat quyidagi maqsadlarda olib qo‘yiladi:

  1. Mudofaa va davlat xavfsizligi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ehtiyojlari, erkin iqtisodiy zonalarni tashkil qilish va ularning faoliyat yuritishi uchun yerlarni taqdim etish;
  2. Xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish;
  3. Foydali qazilmalar konlarini aniqlash va qazib chiqarish;
  4. Avtomobil va temir yo‘llari, aeroportlar, aerodromlar, aeronavigatsiya ob’ektlari va aviatexnika markazlari, temir yo‘l transporti ob’ektlari, ko‘priklar, metropolitenlar, tonnellar, energetika tizimi ob’ektlari va elektr uzatish tarmoqlari, aloqa tarmoqlari, kosmik faoliyat ob’ektlari, magistral quvurlar, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish (rekonstruksiya qilish);
  5. Aholi punktlari bosh rejalarini O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan ob’ektlar qurish qismida ijro etish, shuningdek, qonunlar va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan boshqa hollarda.

Mazkur farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi S.R.Xolmurodov, O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B.Murodov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklatildi.