Xalqaro tajribaga ko‘ra, qimmatli qog‘ozlar bozori iqtisodiyotning turli tarmoqlari uchun zarur investitsiyalarni jalb qilishning muhim manbai bo‘lib, bank krediti orqali moliyalashtirishning muqobili sanaladi, xabar beradi Biznes Daily.

Shu bois ham har qanday davlat iqtisodiy tizimining holati fond bozoridagi faollikda namoyon bo‘ladi.

Mazkur bozorda yuridik yoki jismoniy shaxslar o‘z mablag‘ini kelgusida foyda olish maqsadida aksiya hamda boshqa qimmatli qog‘ozlarga yo‘naltiradi. Qimmatli qog‘ozlardan foyda olish dividend yoki foiz ko‘rinishida yoxud ularni ikkilamchi ravishda yuqoriroq bahoga sotish evaziga amalga oshiriladi.

Xo‘sh, mamlakatimizda bu jarayon qanday yo‘lga qo‘yilgan?

“Fond bozorida jismoniy шахс­лар uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlar” mavzuiga bag‘ishlangan matbuot anjumani shu savol doirasida kechdi.

“Toshkent” respublika fond birjasi rahbariyati tomonidan ma’lumot berilganidek, Janubiy Koreya birjasi bilan hamkorlikda ishga tushirilgan yagona dasturiy-texnik majmua bir qator afzallik va qulayliklarga ega bo‘lib, u savdo, brokerlik, hisob-kitob va kliring, depozitar va nazorat tizimlarini o‘zida birlashtirgan.

Yagona majmua, eng avvalo, qimmatli qog‘ozlar bozorida ortiqcha hujjatlarning qog‘oz ko‘rinishidagi aylanuviga barham berdi. Agar ilgari bitimlarning amalga oshirilishi uchun bir necha kun sarflangan bo‘lsa, endilikda bu jarayon bir necha daqiqani tashkil etmoqda. Eng muhimi, savdolar xalqaro standartlar darajasida o‘tkazilmoqda.

Ushbu savdo tizimining ayniqsa jismoniy shaxslar uchun eng asosiy qulayligi mobil ilova orqali savdolashish va o‘z hisobini boshqarish, mobil to‘lov tizimi vositasida hisobni to‘ldirishdir.

Buning afzalligi shundaki, masalan, mijoz va broker qimmatli qog‘ozni sotish yoki sotib olish masalasida bevosita uchrashishga имкония­ти bo‘lmay qolgan paytda zamonaviy elektron tizim orqali munosabatlar o‘rnatiladi.

Ya’ni endilikda fond birjasidagi bu jarayonning barcha bosqichlari zanjirsimon tarzda elektron shaklda amalga oshiriladi.

Investor va qimmatli qog‘ozlar egasi investitsiya vositachisiga aksiyani olish yoki sotish bo‘yicha topshiriqni turli aloqa vositalari orqali berish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Eng asosiysi, har bir topshiriq bo‘yicha alohida shartnoma tuzilishi lozimligi haqidagi qoida bekor qilindi. Ilgari investor yil davomida 10 marta aksiya olsa yoki sotsa, broker bilan shuncha marta bitim tuzardi.

Aksiyalarning hisobini va saqlovini ta’minlash uchun depozitariy bilan ham shartnoma tuzilar edi. Endi qimmatli qog‘ozlarning oldi-sotdisi, ya’ni aksiyani olish yoki olmaslik, sotish yoxud sotmaslik haqidagi barcha qo‘shimcha topshiriqlar elektron pochta, telefon va faks orqali o‘rnatilgan tartibga muvofiq berilishi mumkin.

Bundan tashqari, investitsiya vositachisi va uning mijozi o‘rtasida uzaytirish imkoniyati bilan bir yilga tuziladigan brokerlik va depozitar xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha namunaviy shartnoma ham qonunga asosan ishlab chiqildi va amaliyotda qo‘llanila boshlandi.

Shu bilan birga, ushbu tizim orqali fond birjasida kliringning netting usuliga o‘tish imkoniyati belgilandi. Kliring qimmatli qog‘ozlar savdosining tashkilotchilari tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan qimmatli qog‘ozlarga doir bitimlar bo‘yicha o‘zaro majburiyatlarni aniqlash, aniqlashtirish va hisobga olishdir.

Ya’ni tizimda investor bir korxonaning aksiyasini sotib olib, uni shu zahoti sotib yuborishi mumkin. Bunday jarayon bir savdo sessiyasi davomida bir necha bor takrorlanishi uchun sharoit yaratilgan, oxirida savdolar yakuni bo‘yicha elektron tizim orqali kun davomida savdolarda ishtirok etgan barcha tomonlarning pul taлаб­лари va pul majburiyatlari aniqlashtirilib, hisob-kitob qilinadi.

Nettingning afzalligi investorlarning vaqt va mablag‘lari tejalishida namoyon bo‘ladi. Fond birjasining ustuvor vazifasi sifatida belgilangan mazkur talablarning bajarilishini ta’minlash maqsadida savdo ko‘lamini tobora kengaytirib borish va buning uchun investorlarga yanada qulayroq sharoit yaratishga harakat qilinmoqda.

Shu o‘rinda aniq ko‘rsatkichlarga ham to‘xtalib taъкид­ланганидек, joriy yilning o‘tgan yetti oyi davomida fond birjasida qimmatli qog‘ozlar bilan amalga oshirilgan umumiy savdo aylanmasi hajmi so‘nggi besh yilning mazkur davridagi eng yuqori ko‘rsatkich — 250,8 mlrd. so‘mni tashkil etdi.

Bu o‘tgan yilning mazkur davriga nisbatan 4,8 barobar yuqori natijadir. Yil boshidan buyon birja savdolari orqali 99 ta aksiyadorlik jamiyatining 7,2 mlrd. dona qimmatli qog‘ozi bilan jami 6 821 ta birja bitimi tuzilgan.

Aksiyadorlik jamiyatlari qimmatli qog‘ozlariga aholining ishonchi oshib borayotganligi va o‘z bo‘sh pul mablag‘lariga qimmatli qog‘oz sotib olishga intilayotganligi natijasida fond birjasi umumiy savdo aylanmasida jismoniy shaxslar ulushi qariyb 60 foizgacha ko‘tarildi.

Umumiy savdo aylanmasida jismoniy shaxslar ishtiroki agar 2016 yilda 48,6 mlrd. so‘mni tashkil etgan bo‘lsa (16,2%), 2017 yilda 96,2 mlrd. so‘mga (32,2%) yetgan. Joriy yil boshidan buyon fond birjasida ro‘yxatga olingan umumiy bitimlar sonining esa 97,5 foizi jismoniy shaxslar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, jismoniy shaxslar tijorat banklari (87,3%), qurilish materiallari tarmog‘iga mansub jamiyatlar (5,7%) va sug‘urta kompaniyalarining (2,7%) aksiyalariga yuqori qiziqish bildirishgan.

Shu bilan birga, mutaxassislarning qayd qilishlaricha, fond bozoriga aholini keng jalb qilish hamon dolzarb masalalardan biri bo‘lib turibdi.

Shu bois, qimmatli qog‘ozlarga sarmoya kiritishning afzalliklarini keng ommaga ko‘proq va tushunarli tarzda yetkazish uchun respublikamizning barcha hududlarida soha mutaxassislari ishtirokida turli tadbirlar o‘tkazilmoqda.