Moskva davlat milliy tadqiqot qurilish universiteti professorlari gidrotexnik ob’ektlarni loyihalashda BIM (Building Information Modeling)-texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha ta’lim bergani O‘zbekistonga tashrif buyuradilar, deb xabar beradi O‘zA.
“O‘zbekgidroenergo” va “Gidroloyiha” aksionerlik jamiyati mutaxassislari Moskva davlat milliy tadqiqot qurilish universiteti vakillari bilan uchrashdi.
Ma’lumotlarga qaraganda, uchrashuvda gidrotexnika inshoatlarini loyihalash, qurish va ulardan foydalanishning innovatsion texnologiyalarini qo‘llash borasidagi muammolar, bu boradagi fikr-mulohazalar muhokama qilindi.
“Bugungi uchrashuv gidroenergetika sohasidagi muammolarni hal qilish borasida muhim ahamiyat kasb etish kerak. Shu bois ham biz holatni har jihatdan tahlil qilish hamda kamchiliklarni tushinib olishga harakat qilmoqdamiz. Bu esa chiqarilayotgan mahsulotlar sifatini yanada yaxshilash uchun loyihalash-qidiruv ishlarini yuksaltirishda muhim qadam bo‘lib qolishiga ishonaman”, — deydi “Gidroloyiha” aksiyadorlik jamiyati direktori Alibek Ahmedov.
Uchrashuv doirasida kadrlar masalasi va tajriba almashinish borasida “Gidroloyiha” aksiyadorlik jamiyati va Moskva davlat milliy tadqiqot qurilish universiteti o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi.
“Bugun biz o‘z tajribalarimiz bilan o‘rtoqlashdik. Kelgusida gidrotexnik ob’ektlarni loyihalashda BIM-texnologiyalarni qo‘llash, loyihalash va boshqa texnik yo‘nalishlar mutaxassislarining qo‘shimcha professional ta’limi (malakasini oshirish, kasbiy qayta tayyorlash) uchun bizning professorlarimiz Toshkentga keladi”, — deydi Moskva gidroenergo qurilish institut direktori Nikolay Aniskin.
Xabarga ko‘ra, hamkorlikda rekonstruksiya qilish hollarida kelajakdagi jihozlarni yanada ixchamroq va oqilona joylashtirishni, favqulodda holatlarning oldini olish uchun konstruksiyalarning buzilishi va kuchsizlanishi mumkin bo‘lgan joylarni oydinlashtirish maqsadida lazerli 3D skanerlash va gidrotexnik qurilishda foydalaniluvchi betonli aralashmalar ishlab chiqarish uchun eng yangi ishlanmalar va ularning yechimlarini amaliyotga joriy etishga kelishib olingan.