O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 avgust kuni Bekobod shahriga tashrif buyurdi. Prezident tashrifi doirasida ferroqotishmalar ishlab chiqarish sexini ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, “O‘zbekiston metallurgiya kombinati” AJdagi ko‘plab investitsiya loyihalaridan biri — ferroqotishmalar ishlab chiqarish sexini ishga tushirish marosimi bo‘ldi. Tadbirda korxona ishchilari, soha mutasaddilari, xorijlik investorlar ishtirok etdi.

Loyiha qiymati 60 million dollar bo‘lib, sex zamonaviy, energiya tejovchi va ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlangan.

Ushbu yangi sex Janubiy Koreyaning “Posco Daewoo” kompaniyasi ishtirokida qurilgan bo‘lib, jami 25 ming tonna ferrosilitsiy va ferrosilikomarganets qotishmalari ishlab chiqaradi.

Sex metall mahsulotlar tayyorlaydigan tarmoqlar talabini to‘liq qondirish bilan birga, yiliga o‘rtacha 8 ming tonna ferroqotishmani eksport qilish va 12 million dollar miqdoridagi valyuta tushumini ta’minlash, importni qisqartirish imkoniyatini yaratadi.

Ushbu yangi sexga o‘quv yurtlarini bitirayotgan va zamonaviy texnologiyalarni chuqur o‘zlashtirgan 330 nafar yigit-qiz ishga qabul qilinadi.

Shavkat Mirziyoyev yangi sexning texnologik jarayonini ko‘zdan kechirdi. Janubiy koreyalik hamkorlar bilan suhbatlashdi. “O‘zbekiston metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatining investitsiya dasturiga oid taqdimotlar bilan tanishdi.

Kombinat rahbariyati va mutasaddilarga yangi investitsiya loyihalarini bajarish hisobiga bunday korxonalarni ko‘paytirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratib, aholi bandligi darajasini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.