O‘tgan hafta mobaynida onlayn auksion orqali 691 ta avtomobil raqamlari sotildi, deb yozadi Tovar xomashyo birjasi matbuot xizmati.
Sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy summasi 2,4 milliard so‘mdan oshdi.
Raqobatli savdolar natijasida bitimlarning qariyb 21% birinchi toifadagi avtoraqamlarga, 50% ikkinchi va 29% uchinchi toifa avtoraqamlarga tegishli.
Xaridorlar tarkibida yetakchilikni Toshkent va Toshkent viloyati avto havaskorlari egalladi va ularning tuzilgan bitimlar sonidagi ulushi 19% ga teng. Keyingi o‘rinda Xorazm va Buxoro viloyatlarining avto havaskorlari har biri 11% ulush bilan joylashdi.
Uchinchi o‘rin Andijon va Samarqand viloyatlarining avto havaskorlariga tegishli bo‘lib, har birining ulushi 10% ni tashkil qiladi. Boshqa hududlarning ulushi 39% ga teng.