7−9-noyabr kunlari Niderlandiyaning taniqli “Lely” va “TCT-Agro” firmalari nufuzli delegatsiyasi O‘zbekistonda bo‘lib turibdi. Ular Toshkentdagi “Agro Expo Uzbekistan/Agrotech Expo” qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmasida ishtirok etishmoqda, deb yozadi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

O‘zbekiston Respublikasining Benilyuks davlatlaridagi Elchixonasi xabar berishicha, mazkur kompaniyalar O‘zbekiston bozoriga kirishni va ishonchli hamkorga aylanishni rejalashtirmoqda.

“Lely” kompaniyasi uzoq yillar davomida rivojlanayotgan mamlakatlarda o‘zining ilg‘or tajribasi va texnologiyasini muvaffaqiyatli joriy etib kelmoqda va shu yo‘l orqali yangi ish o‘rinlari yaratmoqda.

“O‘zbekistonga tashrif arafasida kompaniya Qishloq xo‘jaligida Gollandiya texnologiyalari innovatsion markazini tashkil etish borasidagi rejalarini e’lon qildi”, deyiladi xabarda.

To‘laligicha ishlab chiqarish O‘zbekiston hududida mahalliylashtiriladigan qishloq xo‘jaligi klasterini tashkil qilishni ko‘zda tutuvchi mazkur markaz loyihasining taxnimiy qiymati 10 million yevroga teng.

Yerga ishlov berish, chorvachilikni rivojlantirish, tayyor sut mahsulotlarini ishlab chiqarish, chiqindilarni qayta ishlash va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash borasidagi Gollandiyaning ilg‘or texnologiyalarini joriy etish mo‘ljallanmoqda.

Shuningdek ta’lim komponenti ham ko‘zda tutilmoqda va bunda Vageningen universiteti olimlari o‘zbek fermerlariga zamonaviy Gollandiya texnologiyalarini o‘rgatishadi.

O‘zining tuproq ostini suyuq organik o‘g‘itlovchi texnologiyalari bilan mashhur boshqa bir Niderlaniya kompaniyasi — “TCT-Agro” bilan hamkorlik aloqalari bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.