Sirdaryo viloyati Yangiyer shahrida “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan “Samsung Engineering” kompaniyasi bilan hamkorlikda Ammiak va karbamid zavodi barpo etiladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lumotlarida keltirilgan.

Umumiy qiymati 600 million $ bo‘lgan mazkur zavodda yiliga 400 ming tonna ammiak, 660 ming tonna karbamid ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. AQSH va Yaponiyadan eng zamonaviy texnologiyalar keltirib o‘rnatiladi, “nou-xau"lar qo‘llaniladi. 500 doimiy ish o‘rni yaratiladi.

“Sirdaryodagidek qulay infratuzilma hech qayerda yo‘q. Bunday imkoniyat zavodni qurish va barqaror ishlatishda qo‘l keladi, investorlarning qiziqishini oshiradi. Bu juda rentabelli, istiqbolli loyiha”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident zavod mahsulotlari ichki talabni qondirish va tashqi bozorlarga chiqishda muhim o‘rin tutishini ta’kidlab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.