Qozog‘istonda sabzavotlar importiga mavsumiy cheklovlar joriy etmoqchi. Tegishli taklif mamlakat hukumatiga yuborildi, deb yozadi EastFruit apk-news.kz saytiga tayanib.

Shuningdek, uchinchi davlatlar, jumladan, O‘zbekiston, Eron va Turkmanistondan mahsulotlarga bojxona to‘lovlarini oshirish muhokama qilinmoqda.

Turkiston viloyati hokimligi ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘iston issiqxona xo‘jaliklari import qilinadigan mahsulotlar tufayli jiddiy bosim ostida qolmoqda.

Qo‘shni mamlakatlar ishlab chiqaruvchilari arzonroq tannarxga ega va davlat tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanmoqda, bu esa Qozog‘iston ichki bozorida narx raqobatini kuchaytirmoqda.

Yuqori xarajatlar tufayli mahalliy issiqxona majmualari ko‘pincha pomidorni tannarxidan past narxlarda sotishga majbur bo‘lmoqda.

Soha vakillarining fikricha, bu korxonalarning moliyaviy ahvolini yomonlashtiradi, sohaning investitsiyaviy jozibadorligini pasaytiradi, ishlab chiqarish va ish o‘rinlarining qisqarishi xavfini tug‘diradi.

Shu bilan birga, Turkiston viloyatining issiqxona xo‘jaliklari mavsum oralig‘ida ichki bozorni sabzavotlar bilan to‘liq ta’minlashga tayyorligini ma’lum qilmoqda.

Qozog‘iston fermer issiqxonalari uyushmasi va viloyat qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari sabzavotlarni barqaror yetkazib berishni qo‘llab-quvvatlash va ayniqsa aprel va may oylarida ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar narxining keskin oshishiga yo‘l qo‘ymaslik majburiyatini olgan memorandumni imzoladilar.

Shu munosabat bilan rasmiylar mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashning mavsumiy choralarini ko‘rib chiqishni taklif qilmoqda.

Tashabbuslar orasida apreldan iyungacha bo‘lgan davrda sabzavot mahsulotlariga import bojlarini oshirish, shuningdek, mavsumdan tashqari davrda sabzavot importi uchun kvotalar joriy etish bor.


Avvalroq O‘zbekiston Afg‘onistondan yiliga 300 ming tonnagacha kartoshka import qilmoqchi ekanligi haqida xabar berilgandi.