Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ko’rib chiqildi.

Qayd etilishicha, loyihada “Biznes yuritish” hisoboti metodologiyasida qulay tadbirkorlik muhitini yaratishga qaratilgan talablarni qonun hujjatlariga kiritish nazarda tutilgan.

Ya’ni, qonun loyihasi bilan kiritilayotgan o‘zgartishlarga muvofiq, endilikda:

  • yuridik shaxslarning ko‘chmas mulkini sotish to‘g‘risidagi shartnomasini notarial tasdiqlashning majburiy tartibi;
  • aksiyadorlik va mas’uliyati cheklangan jamiyatlarning ustav kapitalining mininal qiymatiga qo‘yilgan talablar;
  • aksiyadorlik jamiyatlari ustav kapitalidagi chet ellik investorning ulushi kamida 15% ni tashkil etishi kerakligi to‘g‘risidagi talabni bekor qilish ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, aksiyadorlik va mas’uliyati cheklangan jamiyatlarning ustav kapitalining eng kam miqdoriga oid talablarni litsenziya talablari bilan belgilashga doir normalar kiritilmoqda.

Aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan qo‘shimcha atsiyalar chiqarilishida aksiyadorlarga o‘zlarining ulushlarini saqlab qolishlari uchun imtiyozli huquq berish, aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan auditorlik tekshiruvini albatta o‘tkazish uchun auditorlik tashkilotini tanlash vakolati faqatgina aksiyadorlar umumiy yig‘ilishiga berish nazarda tutilyapti.